French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘arb Kiyevni rus generaliga suiqasd bilan bog‘lamaydi
17:22 / 2026-02-09

G‘arbning xavfsizlik sohasidagi mansabdor doiralari RF qurolli kuchlari bosh shtabi rahbarining birinchi o‘rinbosari, general-leytenant Vladimir Alekseyevga uyushtirilgan suiqasd ortida Ukraina turgani haqidagi taxminlarga shubha bilan qaramoqda. Bu haqda “The Washington Post” gazetasi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Ekspertlar fikricha, Ukraina maxsus xizmatlari avval ham ayrim hujumlarda ayblangan bo‘lsa-da, hozirgi sharoitda bunday qadam tashlash noto‘g‘ri bo‘lar edi. Bu ayniqsa, Abu-Dabida o‘tayotgan uch tomonlama muzokaralar fonida Kiyev uchun jiddiy siyosiy xavflarni keltirib chiqaradi.

Qayd etilishicha, mazkur muzokaralarda Ukraina prezidenti devoni rahbariga yaqin shaxslar ishtirok etmoqda. Agar suiqasdda Ukraina razvedkasiga aloqadorlik isbotlansa, bu Kiyev uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Ma’lumki, joriy yilning 6 fevral kuni Moskva shahrida Vladimir Alekseyev yashaydigan turar joy binosida unga qarshi qurolli hujum sodir etildi. Noma’lum shaxs generalga bir necha marta o‘q uzib, voqea joyidan qochib ketgan. Jarohat olgan Alekseyev og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan va shoshilinch jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan.

Rossiya tergov qo‘mitasi hodisa yuzasidan “qasddan odam o‘ldirishga suiqasd” va “qonunga xilof ravishda o‘qotar qurol saqlash” moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, suiqasd atrofidagi vaziyat hali ham ko‘plab savollarni ochiq qoldirmoqda va tergov natijalari voqeaning asl sabablarini aniqlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

D.Hakimov, O‘zA