Prezident tashrifidan so‘ng...
Ko‘kdala tumani ma’muriy markazidagi ulkan bunyodkorlik ishlari haqida maqola yozishga kirishar ekanman qashqadaryolik bir otaxonning shu gaplari qayta-qayta yodga tushib ketaverdi.
Quyiroqda shu hamsuhbatimning fikrlarini e’tiboringizga, albatta, havola qilaman. Hozir esa yangi tumandagi yangiliklar haqida atroflicha to‘xtalmoqchiman.
Yodimizda, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 20 iyun kuni Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumani ma’muriy markazida bo‘lgan edi. Prezident tashrifidan so‘ng hududda bo‘lib, odamlarning kayfiyati bilan qiziqdik. O‘zgarishlarga o‘zimiz ham guvoh bo‘ldik.

Aholiga qulayliklar yaratish, urbanizatsiya jarayonlarini tartibga solish maqsadida uch yil avval tashkil etilgan tumanda bugun o‘zgarishlar jadal bormoqda.
Xususan, keng ko‘lamli qurilish va infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. O‘tgan uch yilda 120 kilometr suv, 210 kilometr elektr tarmog‘i qurildi, 605 kilometr tuproq yo‘llar ta’mirlandi.
Shuningdek, 19 ta maktab, 22 ta bog‘cha, 5 ta oilaviy poliklinika, bir qancha mahalla binolari ishga tushdi. Ma’muriy binolar, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etildi. Bolalar maydonchalari, ichki yo‘llar, yashil hududlar va servis markazlari uyg‘unlikda qurilmoqda. Bu bunyodkorlik ishlaridan aholi mamnun.

Xususan, ikki yuzdan ortiq ob’ektda keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi.
E’tiborlisi, bugungi kunda 38 ta idorani bir joyda jamlagan tuman hokimligi binosi, huquq tartibot, mudofaa va sud idoralari hamda o‘nta ijtimoiy soha ob’ektlari yagona konsepsiya asosida joylashtirilgan.
Turli idora va tashkilotlarning bu tartibdagi uzviy joylashuvi aholiga qator qulayliklar yaratmoqda. Aytaylik, tuman darajasidagi har qanday masala bilan kelgan fuqaro bir hududning o‘zida yechimga ega bo‘ladi.
Yettitom kichik sanoat zonasi tuman taraqqiyotida o‘ziga xos o‘rin tutmoqda.
To‘rt gektar maydonda joylashgan sanoat zonasida qiymati 10 million dollarlik to‘qqizta kichik loyiha joylashtirilgan. Bu yerda tikuv-trikotaj va oziq-ovqat mahsulotlari, chinni buyumlar, issiqxona jihozlari ishlab chiqarilmoqda. Bu ishlar natijasida 600 nafardan ortiq ko‘kdalalikning doimiy bandligi ta’minlangan.
– Prezidentimiz bizning korxonaga ham tashrif buyurib, faoliyatimiz bilan tanishgan edi, – deydi chinni buyumlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Komfort Industrial Aria” korxonasi rahbari Sobir Eshtemirov. – Bu muloqot bizga o‘zgacha ilhom berdi. Faoliyatimizni yanada kengaytirish rejalari paydo bo‘ldi. Loyihamizning umumiy qiymati 5 milliard so‘m bo‘lib, yiliga 7 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqaramiz. Chinni buyumlarga ichki bozorda talab yuqori. Kelgusida eksportga ham yo‘naltirish niyatimiz bor.
Kichik sanoat zonasida samarali ish olib borayotgan tadbirkorlik sub’ektlaridan yana biri isitish qozonlari ishlab chiqaradigan korxonadir. Ushbu loyihani ishga tushirish uchun 5 milliard so‘m investitsiya yo‘naltirilgan. Xitoydan keltirilgan eng zamonaviy uskunalar ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati va narx barqarorligiga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda iqtisodiy rivojlanishga qay darajada e’tibor qaratilsa, madaniy va ma’rifiy yuksalishga ham shundan kam bo‘lmagan sarmoya yo‘naltiriladi.
Buni Ko‘kdalada yangi bunyod etilgan 250 tomoshabin o‘rniga ega san’at saroyi misolida ham ko‘rish mumkin.
Bu ob’ekt eng zamonaviy ovoz yozish studiyasi, ovoz kuchaytirish moslamalari, mukammal sovitish va isitish tizimi bilan jihozlandi. Maxsus xonalar zarur mebellar bilan ta’minlandi. Bu maskan shaharchaning diqqatga sazovor, gavjum joylaridan biriga aylanmoqda.
Hududda yana ijtimoiy soha ob’ektlari, kutubxona, sport maydonlari, madaniyat markazlari qurilishi davom etmoqda.
– Avvallari biror yumush yuzasidan olis masofalarni bosib, markazga borishga majbur bo‘lar edik deydi, – ko‘kdalalik otaxon Nurilla bobo Ochilov. – Endi barcha xizmatlarni o‘zimizga yaqin joydan olyapmiz. Prezidentimizning gapirayotgan gaplari qilayotgan amallariga hamisha mos kelishi tumanimizdagi o‘zgarishlar misolida ham ko‘rinib turibdi. Ikki-uch yil oldin bu yerda shuncha o‘zgarish bo‘lishini aytishganida bunga ishonish qiyin edi. Mana bunga o‘zimiz guvohmiz. Hammasi a’lo darajada. Zamonaviy til bilan aytadigan bo‘lsam, tumanimizga investitsiyalar kirib kelishi sezilarli darajada oshgan. Yangi ma’muriy markazdagi qurilish ishlari mahalliy sanoatni, xizmat ko‘rsatish sohalarini rag‘batlantirmoqda. Bu esa kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga imkon berishi shubhasiz. Xayrli ishlar shu yerning xalqi uchun yangi ish o‘rinlari yaratib, dasturxonlar to‘kisligiga sabab bo‘lmoqda.
Bu jarayonlar Qashqadaryo viloyatining barqaror taraqqiyoti va aholining farovon hayotini ta’minlashda ham muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri