Olmaota shahrida gandbol bo‘yicha U18 o‘smirlar va U20 yoshlar jamoalari o‘rtasida boshlangan "IHF Trophy turniri"ning 3-Osiyo mintaqasi bosqichida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston va Turkmaniston terma jamoalari ishtirok etmoqda.
U18 birinchiligida 6 ta jamoa ilk bosqichda ikki guruhga taqsimlangan bo‘lib, «A» guruhidan O‘zbekiston, Pokiston, Tojikiston, «V» guruhidan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston joy olgan.
U20 birinchiligida esa 5 ta jamoa – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Pokiston, Tojikiston va Turkmaniston jamoalari davraviy tizimda bahs olib borishi belgilangan.

Kecha ushbu musobaqada dastlabki tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston U18 va Tojikiston U18 jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 65:21 hisobida poyoniga yetgan bo‘lsa, U20 birinchiligida o‘tgan O‘zbekiston – Turkmaniston 36:22, Qozog‘iston – Pokiston 40:30 ko‘rinishida o‘yinlar yakunlandi. Ushbu turda Tojikiston terma jamoasida dam olish kuni bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, o‘z yosh toifasida g‘oliblikka erishgan jamoalar turnirning qit’a bosqichida ishtirok etish huquqiga ega chiqadi.
Musobaqalar 26 iyunga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA