Gandbolchilarimiz Kipr turniri g‘olibligini qo‘lga kiritdi
Kipr davlatida gandbol bo‘yicha 2010-2011 yillarda tug‘ilgan yoshlar va qizlar jamoalari o‘rtasida o‘tgan xalqaro musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari g‘oliblikka erishdi.
Oltita mamlakatning gandbol jamoalari o‘rtasida aylana tizimda uyushtirilgan nufuzli musobaqada yoshlar va qizlar jamoalarimiz o‘tkazilgan deyarli barcha bahslarda muvaffaqiyatga erishdi.
Xalqaro turnirning so‘nggi kunida yosh gandbolchilarimiz Kipr jamoasi bilan bahslashdi. Qiziqarli o‘tgan o‘yinda hamyurtlarimiz mezbonlar jamoasini 36:30 hisobida dog‘da qoldirdi.

O‘zbekistonlik gandbolchi qizlar esa Kipr-2 jamoasi a’zolarini 40:23 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, turnirning oltin medaliga ega bo‘lishdi.
2026 yilning ilk xalqaro turnirida shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy olgan yosh gandbolchilari 2 fevral kuni O‘zbekistonga qaytib kelishadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA