Iordaniyada ayollar o‘rtasidagi gandbol bo‘yicha Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi ham ishtirok etayotganidan xabaringiz bor.
Bugun, 23 sentyabr kuni chempionat doirasida pley-off bahslari o‘tkaziladi. Unda to‘rt mamlakat jamoalari 5-8 o‘rinlar uchun kuch sinashadi. Gandbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi kuchli oltilikka kirish uchun mezbon Iordaniya terma jamoasiga qarshi o‘yin o‘tkazadi. Gandbolchilariz mazkur bahsda g‘alaba qozona olsa, dekabr oyida Ispaniyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. Iordaniya va O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin Toshkent vaqti bilan soat 15:00da boshlanadi.
Shuningdek, Suriya hamda Gonkong termalari jahon chempionatiga chiqish uchun kuch sinashadi. Eslatib o‘tamiz, bugungi kunga qadar Janubiy Koreya, Eron, Yaponiya va Qozog‘iston terma jamoalari qit’a birinchiligining yarim finaliga yo‘l olgan holda, jahon chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA