Fransiya va Italiyada gandbol bo‘yicha o‘tayotgan xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston U-18 qizlar va o‘g‘il bolalar jamoalari munosib natijalarni qayd etmoqda.
Italiyaning Teramo shahrida o‘tayotgan “52th Interamnia World Cup” turnirida Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi gandbolchilari mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan bo‘lsa, Fransiyada qizlar jamoalari o‘rtasidagi “Paris World Games” o‘yinlarida O‘zbekiston U-18 qizlar terma jamoasi qatnashmoqda.

Kecha Teramo shahrida davom etayotgan “52th Interamnia World Cup” bahslarida hamyurtlarimiz yettinchi uchrashuvda Germaniyaning TV 1893 “Neuhausen” jamoasini 30:22 hisobida yengdi va ochkolari sonini 21 taga yetkazib oldi.
Bugun, 11 iyul kuni gandbolchilarimiz turnirdagi asosiy raqibi 21 ochkoga ega “Juno H. Aventure” (Fransiya) jamoasi bilan kuch sinashadi.

“Paris World Games” musobaqalarida qatnashayotgan O‘zbekiston U-18 qizlar terma jamoasi bugun “Per De Kuberten” nomidagi stadionda o‘tadigan final o‘yinida Fransiyaning “Dole-Choussin” jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
“Dole-Choussin” gandbolchilari kecha o‘tkazilgan yarim finalda “Sarcelles-Villiers Le Bel” jamoasini 16:14 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, hamyurtlarimiz “Pays De Lesneven Handball” jamoasini 18:9 hisobida yengib, finalga yo‘l oldi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA