Gandbolchi qizlarimiz bugun Tailand jamoasi bilan ro‘baro‘ keladi
Tailandda gandbol bo‘yicha U-19 yosh toifasida 8 ta milliy qizlar terma jamoalari ishtirokida o‘tayotgan TROPHY kubogi Osiyo bosqichi bahslarining 2-turida “B” guruhidan joy olgan O‘zbekiston qizlar terma jamoasi Indoneziya jamoasiga qarshi maydonga chiqdi.
Hamyurtlarimizning katta ustunligida o‘tgan o‘yinda indoneziyalik gandbolchi qizlar 42:13 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Bugun, 26 noyabr kuni guruh bosqichining so‘nggi uchrashuvida U-19 O‘zbekiston qizlar jamoasi Tailand termasi bilan kuch sinashadi.
Aytish lozim, mazkur musobaqada Xitoy Taypeyi, Hindiston, Vetnam, Turkmaniston jamoalari “A” guruhida, Tailand, O‘zbekiston, Hongkong, Indoneziya jamoalari “B” guruhida g‘oliblik yo‘lida harakatlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, guruh bosqichining ilk o‘yinida gandbolchilarimiz Hongkong jamoasini 27:21 hisobida taslim etgandi.
Musobaqalar 28 noyabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA