Gandbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Tolyatti shahrida Rossiya chempioni va mamlakat kubogi sohibi “Lada” jamoasi bilan kuch sinashdi.
Aytish lozim, yurtimiz gandbolchi qizlari Rossiya Federatsiyasida o‘tkazilayotgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘in doirasida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar qatori o‘rtoqlik o‘yinlarida maydonga tushish asnosida tajriba oshirmoqda.

Tarkibida yozgi Olimpiya o‘yinlari ishtirokchilari hamda jahon chempionatlarining sovrindorlarini jamlagan “Lada” jamoasi bilan o‘tgan bahsda hamyurtlarimiz kichik hisobda imkoniyatni boy berdi.
Uchrashuv yakunlangach “Lada” jamoasi bosh murabbiyi, olimpiada g‘olibi va jahon chempioni Yekaterina Marennikova o‘zbekistonlik gandbolchilarning o‘yini haqida iliq fikrlarini bildirib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyada tashkil etilayotgan o‘quv-yig‘in O‘zbekiston terma jamoasi uchun poytaxtimizda o‘tadigan Markaziy Osiyo va Osiyo chempionatiga tayyorgarlik vazifasini o‘taydi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA