Bugun, 25-fevral kuni poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” sport majmuasida gandbol bo‘yicha erkaklar va ayollar jamoalari o‘rtasida o‘tayotgan O‘zbekiston chempionati 1-davra o‘yinlarining to‘rtinchi kungi uchrashuvlari tashkil etiladi.
Unda erkaklar jamoalaridan Samarqand viloyatining "SamDU" jamoasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakillari bilan, Toshkent shahri jamoasi Buxoroning "BuxDU", Andijon gandbolchi yigitlari Farg‘onaning "Qo‘qon DU" hamda Toshkent viloyatining "OKMK" jamoasi Navoiy viloyati jamoasi bilan kuch sinashadi.

Ayollar jamoalari o‘rtasidagi to‘rtinchi kungi bahslarda Namangan gandbolchi qizlari Samarqand, Jizzax jamoasi chempionatning biron o‘yinida mag‘lubiyatga uchramagan Toshkent, Navoiy viloyati vakillari Toshkent viloyatining "OKMK" qizlariga qarshi harakatlansa, Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlari markazi jamoasi 1-davra o‘yinlarida 2 ta g‘alaba, 1 ta mag‘lubiyatga ega Xorazmning “Ranch” jamoasi qarshiligini yengishga harakat qiladi.
Kecha ayollar jamoalari o‘rtasidagi o‘yinlarda “Ranch” gandbolchi qizlari poytaxt jamoasiga 24:26 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Shuningdek, Jizzax – Navoiy 32:42, OKMK – NamDU 40:25, ROPSTTM – Samarqand 18:18 natijalari qayd etildi.
Musobaqalar 28-fevralga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA