Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gandbol: O‘zbekiston terma jamoasi Tailandda jahon chempionati yo‘llanmasiga ega chiqdi
16:54 / 2025-11-28

Tailandda qizlar jamoalari o‘rtasida gandbol bo‘yicha U19 yosh toifasida o‘tkazilgan TROPHY kubogining Osiyo bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari muvaffaqiyatga erishdi.

Qit’aning 8 ta mamlakat terma jamoalari “A” va “B” guruhlarida g‘oliblik uchun kurash olib borgan mazkur musobaqada gandbolchi qizlarimiz “B” guruhida Tailand, Hong Kong, Indoneziya jamoalari bilan kuch sinashdi.

Besh kun davom etgan murosasiz bahslarda hamyurtlarimiz guruh bosqichida Hong Kong jamoasini 27:21, Indoneziya vakillarini 42:13, va tailandlik tengqurlarini 46:29 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va yarim finalga yo‘l oldi.

Guruh bosqichida birinchi o‘rinni egallagan terma jamoamiz yarim finalda “A” guruhida ikkinchi o‘rinni band etgan Xitoy Taypeyi jamoasi bilan ro‘baro‘ keldi. Ushbu uchrashuvda qizlarimiz hujumkor o‘yin ko‘rsatib, raqiblarini 46:36 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Bugun, 28 noyabr kuni TROPHY kubogining Osiyo bosqichi finalida gandbolchi qizlarimiz Hindiston termasiga qarshi maydonga tushdi.

Shiddatli kechgan ushbu qarama-qarshilikda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari raqiblarini 40:33 hisobida dog‘da qoldirib, g‘oliblikni tantana qilish ortidan kelgusi yili o‘tkaziladigan jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA