Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida erkaklar va ayollar jamoalari o‘rtasida gandbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining 1-davra o‘yinlari boshlandi.
Erkaklar birinchiligida 10 ta, ayollar musobaqasida 7 ta jamoa g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda.
Chempionatda qatnashayotgan hududlar kesimiga e’tibor qaratsak, Qashqadaryo, Jizzax, Andijon viloyati vakillari mamlakat miqyosidagi eng asosiy musobaqada qatnashmayotganini ko‘rish mumkin.
O‘yin sport turlarini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarga o‘z iste’dodini namoyish etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish masalasi ustuvor vazifa sifatida belgilangan bir fursatda mamlakat chempionatida ayrim viloyat terma jamoalari ishtirok etmayotgani taajjubli holat.

Bevosita mamlakat birinchiligiga to‘xtaladigan bo‘lsak, erkaklar jamoalari ikki guruhga bo‘lingan holda bahslashmoqda.
“A” guruhidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro viloyati, OKMK (Toshkent viloyati), “Qo‘qon” (Farg‘ona viloyati), O‘zDJTSU (Toshkent viloyati) joy olgan bo‘lsa, “V” guruhida Xorazm, Surxondaryo, Sirdaryo viloyatlari, Toshkent shahar terma jamoasi va O‘zbekiston U-18 terma jamoasi kuch sinashmoqda.
Ayollar jamoalari o‘rtasidagi musobaqalarda Samarqand, Xorazm, Namangan, Navoiy viloyatlari, OKMK (Toshkent viloyati), Toshkent shahar terma jamoasi va O‘zbekiston U-18 terma jamoasi bahslarga kirishdi.
Kecha erkaklar va ayollar jamoalari o‘rtasida dastlabki o‘yinlar bo‘lib o‘tdi.
Ayollar jamoalari o‘rtasida birinchi kungi bahslarda Toshkent shahri jamoasi uchun dam olish kuni bo‘ldi.
Qolgan jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlarda quyidagi natijalar qayd etildi:
Samarqand – Navoiy - 30:27,
OKMK – Namangan - 30:20,
Xorazm – O‘zbekiston U-18 terma jamoasi - 30:19.
O‘zbekiston chempionatining ilk davrasida OKMK (Olmaliq) va Xorazm viloyati jamoasi dam olgan bo‘lsa, qolgan uchrashuvlarda natijalar quyidagicha ko‘rinish oldi:
Toshkent sh. – Sirdaryo - 41:19,
“Qo‘qon” – O‘zDJTSU - 44:36,
Surxondaryo – O‘zbekiston U-18 - 36:27, Qoraqalpog‘iston – Buxoro - 28:12.
Eslatib o‘tamiz, Olmaliq shahrining OKMK erkaklar va ayollar jamoalari amaldagi O‘zbekiston chempionlari hisoblanadi.
Chempionat o‘yinlari 26 fevralga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA