O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida gandbol sport turini rivojlantirish, mahoratli sportchilarni tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish mavzulariga bag‘ishlangan o‘quv-seminar tashkil etildi.
Sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Rashid Matkarimov, Sport o‘yinlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi direktori Jasur Akramov, O‘zbekiston gandbol federatsiyasi bosh kotibi Ismoil Matholiqov mamlakatimizda o‘yin sport turlarini, xususan gandbolni rivojlantirish, xalqaro maydonda yuksak natijalarga erishish, Olimpiya va Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishda mutaxassislar oldida turgan vazifalar haqida so‘z yuritdi.

Uch kun davom etgan o‘quv-seminarda qatnashgan O‘zbekiston Gandbol federatsiyasining hududiy bo‘limlari mutasaddilari, mutaxassislari, murabbiylar ishtirok etdi. Gandbol sport turini rivojlantirishdagi istiqbolli rejalar, muammolar va uning yechimi, mutaxassislarning malakasini oshirish tizimi, xalqaro tajribani qo‘llash tamoyillari, antidoping jarayonlari, taqiqlangan dorilar ro‘yxati va terapevtik istisnolar, sport tadbirlarini tashkil etishda boshqaruv tizimi, klublar faoliyatini raqamlashtirish, o‘smirlar, yoshlar, kattalar o‘rtasidagi musobaqalarni xalqaro talab darajasida o‘tkazish, jamoalar singari sportchilarning texnik-taktik harakatini doimiy tarzda monitoring qilib borish, sport menejmentining roli singari mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Seminar yakunida imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilarga tegishli darajadagi sertifikatlar topshirildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA