Qozog‘istonning Almati shahrida gandbol bo‘yicha ayollar jamoalari o‘rtasidagi Osiyo chempionatida Toshkentning “O‘zbek” jamoasi ham g‘oliblik uchun bahs olib bormoqda.
Aytish lozimki, beshinchi bor tashkil etilayotgan klublar o‘rtasidagi ushbu chempionat aslida bundan ikki yil muqaddam o‘tkazilishi kerak edi. Ammo, mintaqada epidemiologik vaziyatning murakkabligi sababli musobaqalar ikki bor kechiktirildi.
Joriy yilning 1 oktyabridan boshlangan chempionatda qit’aning oltita mamlakatidan 7 ta jamoa qatnashmoqda. Musobaqaning dastlabki uchrashuvlarida hamyurtlarimiz avvaliga Hindistonning “Sports” jamoasini 49:19 hisobida dog‘da qoldirgan bo‘lsa, keyingi o‘yinda Janubiy Koreyaning “Shugar Gliders” jamoasiga 35:25 ko‘rinishida imkoniyatni boy berdi.
O‘zbekiston gandbolchi qizlari 3 oktyabr kuni Quvaytning “Al-Kurayn” jamoasini 33:22, 5 oktyabr kuni Eronning “Fulod Sepaxon” vakilalarini 35:30 hisoblarida mag‘lubiyatga uchratdi.
Gandbolchi qizlarimiz bugun, 6 oktyabr kuni Almatining “Alatau Arulari” jamoasi bilan bahs o‘tkazadi. Shuningdek, 8 oktyabr kuni Qozog‘istonning yana bir jamoasi “Dostik” bilan to‘qnash keladi.
O‘tkazilgan o‘yinlar natijasiga ko‘ra, hozircha vakillarimiz 7 ta jamoa orasida 6 ochko jamg‘argan holda Qozog‘iston, Janubiy Koreya jamoalari bilan musobaqa jadvalida kuchli uchlikda bormoqda.
Aylana tarzda davom etayotgan klublar o‘rtasidagi qit’a chempionati bahslari 9 oktyabr kuni poyoniga yetadi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA