Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ganalik oilaning Andijonda tug‘ilgan egizak farzandlariga guvohnoma berildi
16:23 / 2020-12-25

Andijon shahar fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish bo‘limida Gana Respublikasi fuqarolari Emmanuel Akvey hamda Sussanna Mfumlarning Andijon shahrida tug‘ilgan farzandlari Marven va Arvenga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma topshirildi.

Ganalik yosh oila O‘zbekistonga joriy yilning mart oyida AQSHlik ko‘ngillilar orasida o‘quvchilarga ingliz tilini o‘rgatish maqsadida kelgan. Ayni paytda ular Andijon shahridagi 43-umumta’lim maktabida o‘quvchilarga ingliz tilidan saboq bermoqda.  

Emmanuel Akvey hamda Sussanna Mfumlar Andijon shahar fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish bo‘limiga Andijon viloyat perinatal markazida o‘g‘il egizak farzandlar ko‘rganliklarini ma’lum qilib, farzandlari tug‘ilganligini qayd etishda amaliy yordam so‘rab, murojaat qilgan. Ularning murojaati FHDYO bo‘limi tomonidan tegishli tartibda ko‘rib chiqilib, bolalarning haqiqatan Andijon shahrida tug‘ilganligi tasdiqlanib, dalolatnoma yozuvlari qayd etildi.  

Kuni kecha Davlat xizmatlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i Mahmudjon Abdijaliyev tomonidan xorijlik fuqarolarga farzandlari Marven va Arvenlarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari tantanali ravishda topshirildi.

– Farzandlarimizning tug‘ilganligi qonuniy qayd etilib, ularga tegishli tartibda guvohnoma oldik,  – deydi xorijlik mutaxassis Emmanuel Akvey. – Endi yurtimizga qaytganimizda ularni ro‘yxatga olishda qiyinchiliklar vujudga kelmaydi. Ishimiz tez va oson hal bo‘lgani, qolaversa, bizga ko‘rsatilgan xurmat va e’tibordan behad xursandmiz.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, xorijlik fuqarolarning farzandlari tug‘ilishining qayd etilishi Andijon shahridagi birinchi holat emas. Shu yil noyabr oyida shahar fuqarolik dalolatnomalarini yozish bo‘limi tomonidan Moldova Respublikasi fuqarolari Nikolay Sarbon va Anastasiya Preidaning Andijon shahrida tug‘ilgan farzandi Vasiliy Preidaning tug‘ilganligi ham qayd etilgan.

F. UBAYDULLAEV,

Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA