Buxoro viloyati Jondor tumanida tug‘ilgan O‘lmas Toshev 2-guruh nogironi bo‘lishiga qaramay, kuchli iroda va ijtimoiy faolligi bilan ko‘plab yurtdoshlariga o‘rnak bo‘lmoqda. So‘nggi 15 yildan buyon yolg‘iz yashayotgan O‘lmas aka mahalla aholisiga maishiy texnikalarni ta’mirlashda, payvandlash ishlari bilan ham ko‘mak beradi.
Mahallada kompleks xizmat ko‘rsatuvchi xodim Manzura Atoyevaning tashabbusi bilan mahalla ahli, yoshlar yetakchilaridan iborat ko‘ngillilar guruhi hamda saxovatli insonlar birlashib, O‘lmas akaning hovlisidagi bo‘sh turgan xonani hashar yo‘li bilan tozalab, ta’mirlashdi. Ta’mirdan so‘ng xona zamonaviy ustaxonaga aylandi va O‘lmas aka o‘z ustaxonasida faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Homiylar tomonidan beg‘araz taqdim etilgan payvandlash va kesish apparatlari berildi. Endilikda O‘lmas aka nafaqat o‘z kasbi bilan shug‘ullanmoqda, balki ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalarning farzandlariga kasb sirlarini bepul o‘rgatmoqda. Bu esa uning nafaqat hunarmand, balki ustoz sifatida ham jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘layotganini ko‘rsatadi.

Mahalladoshlarning mehrli yondashuvi, hamkorligi tufayli bir inson nafaqat mustaqil yashash, balki boshqalarga foyda keltirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Eng muhimi, bu tashabbus mahallada ijobiy muhit yaratdi, bir-biriga ko‘maklashish, g‘amxo‘rlik qilish kabi qadriyatlarni mustahkamladi.
Hayotda har qanday sinovdan so‘ng quyoshli kunlar keladi. Faqatgina insonni qo‘llab-quvvatlash, unga imkoniyat yaratish kerak. Shunda u ham o‘z navbatida jamiyatga foyda keltiradi, kelajak avlodni hunarga o‘rgatadi va yurtga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.