Buxoro viloyati Jondor tumani “Navgadi” mahalla fuqarolar yig‘inida 5680 nafar aholi istiqomat qiladi. Ulardan 95 nafarini nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil etadi. Mahallada faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodim Muhabbat Xaitova tomonidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘rganish va manzilli yordam ko‘rsatish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgan.
Mahalla hududida “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida 3 nafar fuqaro faol hayotga jalb etilgan. Shuningdek, “Ijtimoiy himoya reyestri”ga 31 nafar, “Kambag‘al oilalar reyestri”ga esa 38 nafar fuqaro kiritilgan. Tuman bo‘yicha nogironligi bo‘lgan 20 nafar shaxsga protez-ortopediya mahsulotlari (POM) va reabilitatsiya texnik vositalari (RTV) yetkazib berilgan.
Shunday e’tibor va g‘amxo‘rlik Muazzam Arziyevaga ham ko‘rsatildi. U yoshligida shifokorlik kasbida fidokorona mehnat qilgan. Hozirda 80 yoshni qarshilagan onaxonda sog‘lig‘i yomonlashib, nogironlik holati yuzaga kelgan.

Muazzam opaning qizi Sanobar Do‘stova ham sog‘lig‘i sababli ishlay olmaydi. Ushbu oila “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan bo‘lib, ularga bola nafaqasi tayinlangan. Sanobar opaning farzandi uchun esa bepul to‘garak tashkil etilgan.
“Faol hayotga qadam” dasturi doirasida Sanobar opa onasi Muazzam onaxonga qarovchi sifatida biriktirilib, unga oylik maosh tayinlandi. Bu esa oilaning moddiy ahvolini yaxshilash bilan birga, mehr va e’tibor muhitini yanada mustahkamladi. Bundan tashqari, unga nogironlik aravachasi topshirilgan, kompensatsiya to‘lovi rasmiylashtirilgan hamda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan moddiy yordam ajratilgan.
Ijtimoiy xodimlarning bunday manzilli yondashuvi natijasida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ularning hayotida ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.