Markaziy saylov komissiyasi jurnalistlar bilan “galstuksiz” suhbat o‘tkazdi.
OAV vakillari, mustaqil jurnalistlar hamda blogerlar ishtirokida tashkil etilgan uchrashuvda MSK raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev, MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov va MSK a’zosi Sherzodxon Qudratxo‘jayev yig‘ilganlarning savollariga javob berdi.
Samimiy va ochiq kayfiyatda o‘tgan tadbirda jurnalistlar Prezident sayloviga tayyorgarlik hamda uning o‘tkazilishi bilan bog‘liq jarayonlar haqida fikr almashishdi. MSK vakillari yirik ahamiyatga ega voqelikni keng va xolis yoritishda OAV va blogerlarning hamkorligi muhim ekanligini ta’kidladi.
– Saylovning adolatli, shaffof bo‘lishida faqat Markaziy saylov komissiyasining emas, balki barchamizning, jurnalist va blogerlarning ham roli muhim, – dedi Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev.
Uchrashuvda jurnalistlar o‘z takliflarini ham bildirdi. Masalan, OAV vakillarini saylov qonunchiligi bo‘yicha o‘qitish, Saylov byulletenini sanash, chekka hududlarda butun oila nomidan bir kishi ovoz berishi singari masalalarga e’tibor qaratildi.
Pandemiya davrida saylovlarni onlayn tashkil qilish imkoni to‘g‘risidagi savolga shunday javob qaytarildi:
– Xalqaro tajribada Prezident saylovlarini onlayn yoki elektron o‘tkazish amaliyoti umuman yo‘q, – dedi Z.Nizomxo‘jayev.
– Biz Qozog‘istondagi Prezident saylovlarida bo‘ldik. Saylovlar juda chiroyli tashkillashtirilgan. Hamma saylov uchastkasida saylovchilarga qo‘lqop va antiseptiklar berildi, – dedi Sherzodxon Qudratxo‘jayev.
Nurillo Nasriyev, O‘zA