Surxondaryo viloyati g‘allakorlari yangi yilda 84,6 ming gektar maydonda g‘alla parvarishlamoqda.
Hosildorlikni yanada oshirish uchun maysalarni mineral va mahalliy o‘g‘itlar bilan parvarishlashga alohida e’tibor qaratilayotir. Shu maqsadda ko‘rgazmali seminarlar tashkil etilib, o‘zaro tajriba almashilmoqda.

Bandixon tumanidagi “Omad” fermer xo‘jaligining dalasida bo‘lib o‘tgan seminar ham joriy yil g‘alladan mo‘l hosil olish masalalariga bag‘ishlandi.
Tuman hokimining o‘rinbosarlari, hudud va fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etgan tadbirda mineral hamda mahalliy o‘g‘itlar bilan o‘z vaqtida oziqlantirish, suspenziyalash, dala chetlariga “yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish, ichki ariqlarni betonlash, tomchilatib sug‘orishni joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

– Bu yil 30 gektar maydonda “Grom” navli g‘alla maysalarini parvarishlayapmiz, – deydi “Omad” fermer xo‘jaligi rahbari Botir Rajabov. – Gektarlar hosildorligini yanada oshirish uchun maysalarni sinalgan agrotexnik usullar bilan parvarishlayapmiz. Suvni tejash uchun ichki ariqlarimizni betonlayapmiz. Dala chetlariga turli daraxt ko‘chatlarini ekyapmiz. Bu yumushlarning barchasi aholi to‘kinligini, yurtimiz obodligini ta’minlashga qaratilgan.

Joriy yil Bandixon tumanida 175 ta fermer xo‘jaligi to‘rt ming gektar maydonda g‘alla parvarishlamoqda. Yakunlangan yil viloyat g‘allakorlari 818 ming tonna sara don yig‘ib olgan edi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA