Jizzax viloyatining G‘allaorol tumani tabiiy sharoiti sababli ko‘proq sabzavotchilik, ayniqsa pomidor, bulg‘or qalampiri, sabzi kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga ixtisoslashgan hududlardan sanaladi.
Ayniqsa, G‘allaorol pomidorlari juda mazali va boshqa joyda yetishtirilgan pomidorlarga qaraganda saqlanish muddati uzoqroq bo‘ladi. Bu yerdagi pomidor navlari ta’mi, suvlilik darajasi hamda sifati bilan boshqa hududlardan yetishtirilgan navlardan ajralib turadi. Shuning uchun ham ushbu mahsulotga oziq-ovqat sanoati va eksport bozorida ehtiyoj yuqori.
Bugungi kunda tumandagi lalmi va sug‘oriladigan maydonlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ko‘paytirish, sohaga ilmiy yondashuvlarni joriy etish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash orqali erishilayotgan natijalar e’tiborga molikdir. Ayniqsa, xorijiy investorlar ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar nafaqat mahsulot hajmi, balki ish o‘rinlari yaratilishi, aholi daromadining oshishi hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xususan, tumanda ozarboyjonlik tadbirkorlar tomonidan o‘tgan yili yo‘lga qo‘yilgan yangi loyiha shu yilgi eksport ko‘rsatkichlarining sezilarli o‘sishiga xizmat qildi. Bunda yuqori hosildor, mag‘zi to‘q va nisbatan suvsiz sharoitga moslashgan pomidor navlari yetishtirilmoqda. 20 gektarlik maydondagi faoliyat doirasida 100 nafarga yaqin mavsumiy ishchi – asosan xotin-qizlar bandligi ta’minlandi. Qishloq ayollarining ishga jalb etilishi esa oilaviy byudjetni mustahkamlash, farovonlik sari intilishda muhim omil bo‘lmoqda.
Ayni paytda, birinchi marta tumanda quritilgan pomidor, ya’ni pomidor qoqisi eksportga chiqarilayotganini qayd etish lozim. Italiya bilan 100 ming dollarlik shartnoma asosida mahsulotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi.
– O‘zbekiston dalalarida sifatli, mazali, tomatbop pomidor navlarini yetishtirib, Italiya va Ispaniyaga eksport qilishni yo‘lga qo‘ydik, – deydi ozarboyjonlik tadbirkor Urxan Tagiyev. – Biz bu loyihani 2022 yilda boshlaganmiz. Biz uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berildi. G‘allaorolliklar juda mehnatkash, halol insonlar. Biz bu yerda ishlayotganimizdan juda mamnunmiz.
Italiya gastronomik turizmida pomidor mahsulotlariga talab juda yuqori. Shu bois, investorlar tomonidan mahsulot turlari va geografiyasini kengaytirish, eksport hajmini 500 ming dollarga yetkazish maqsad qilingan. Buning uchun pomidor maydonlarini 100 gektargacha oshirish ko‘zda tutilgan. Natijada yana 200 nafardan ortiq xotin-qizlar ish bilan ta’minlanadi..
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri