French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘allaorolda yangi tibbiy modelni sinovdan o‘tkazish boshlandi
15:59 / 2025-07-20

Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash – xalq farovonligi va davlat taraqqiyotining asosiy ustuni hisoblanadi. Ayniqsa, aholiga sifatli, samarali va uzluksiz tibbiy xizmat ko‘rsatishni ta’minlash bugungi kunda mamlakatimizda eng dolzarb vazifalardan biriga aylangan.

Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning yangi modeli asosida tashkil etilayotgan 23 ta oilaviy poliklinika va 6 ta filial zamonaviy qiyofada yangidan faoliyatini boshladi.

[gallery-24393]

Asosiy ochilish marosimi G‘allaorol shaharchasidagi 1-son oilaviy poliklinikadan boshlandi. Ushbu tadbirda viloyat va tuman hokimliklari, sog‘liqni saqlash tizimi rahbar va mas’ullari, soha faxriylari, nuroniylar, faollar va keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari Akmal Savurbayev, tuman hokimi Jalolitdin Oqboyev va boshqalar so‘zga chiqib, so‘ngi yillarda tibbiy xizmat sifatini zamon andozalari darajasiga keltirish, eng chekka qishloqlarda ham namunali tibbiy xizmatni tashkil etishga humumat darajasida alohida e’tibor qaratilayotgani, respublikamizning 15 ta hududidagi kabi Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida ham aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning yangi modeli xususida alohida to‘xtalib o‘tdi.

Marosimning rasmiy qismi yakuniga yetgach, tadbir ishtirokchilari muassasa ichkarisiga taklif etilib, bemorlar va ularga xizmat ko‘rsatuvchi tibbiy xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirildi.

Prezidentimiz raisligida joriy yilning 7 may kuni tibbiyot sohasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda berilgan topshiriqlar hamda davlatimiz rahbarining 2025 yil 19 mayda qabul qilingan “Respublikada sog‘liqni saqlash tizimini va aholiga xizmat ko‘rsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni hamda shu sanadagi “Sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarni amalga oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida G‘allaorol tumanida muayyan ishlar amalga oshirildi.

Ushbu hujjatlar asosida Turkiya tajribasiga asosan aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning yangi modeli 2025 yilning 1 iyulidan boshlab Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida tajriba-sinov tariqasida joriy qilinishi belgilangan edi. Shu paytgacha tumandagi 190 ming 500 nafar aholiga jami 26 ta tibbiyot muassasasi, shundan, 10 ta mahalla tibbiyot punkti, 11 ta oilaviy shifokorlik punkti, 3 ta oilaviy poliklinika, 1 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va 1 ta tuman markaziy shifoxonasi orqali xizmat ko‘rsatib kelinayotgan edi. Yangi tizimga ko‘ra, tumanda 23 ta oilaviy poliklinika hamda ularning 6 ta filialini tashkil etish rejalashtirildi. Ushbu poliklinikalardan 5 tasi 2-tip, qolgan 18 tasi 1-tipdagi oilaviy poliklinika sifatida faoliyat yuritishni boshladi. Natijada, avvalgi 92 ta tibbiyot brigadasi soni 23 taga qisqartirilib, 69 ta samarali ishlaydigan brigada shakllantirildi.

Shuningdek, hududdagi aholi soni, kasallanish ko‘rsatkichlari, mavjud laboratoriyalarning salohiyati, jihozlanishi va tibbiyot kadrlarining malakasi chuqur o‘rganilib, ushbu tahlillar asosida aniq qarorlar qabul qilindi. Yangi tashkil etilayotgan 23 ta oilaviy poliklinika va 6 ta filialga viloyat tibbiyot muassasalarining yetakchi mutaxassislari biriktirilib, ular tomonidan amaliy yordam ko‘rsatildi. Bugungi kunda ushbu 23 ta oilaviy poliklinika zamonaviy qiyofa kashf etib, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni boshladi.  

– Prezidentimiz farmoni bilan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tubdan isloh qilinib, oilaviy poliklinikalar shaklida tashkil etildi, – deydi G‘allaorol tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi mudiri Xurshid Saidov. – Tibbiy xizmatlar sifat va samaradorligi oshirildi. Aholiga xizmat ko‘rsatishda oilaviy shifokorlarning ulushi 70 foizgacha ko‘tarilib, sog‘liqni saqlash tizimi raqamlashtirilishi natijasida qog‘ozbozlik kamaydi. Eng muhimi, tibbiyotni raqamlashtirish bu – tizimda korrupsiyaga qarshi kurashda juda muhim va dadil qadam bo‘ldi.

Tibbiyot xodimlarining ish yuklamasi 30 foizgacha qisqardi. Yangi tizimda tibbiyot xodimlariga yaxshi asoslangan maosh va ustamalar joriy etiladi. Jumladan, shifokorlarga 20 foizgacha, o‘rta tibbiyot xodimlariga 10  foizgacha ustama, sayyor xizmat va KPI asosida qo‘shimcha to‘lovlar belgilangan.  

Davlatimiz rahbari raisligida tibbiyot tizimiga oid o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar va yuqorida nomi zikr etilgan farmon ijrosi bo‘yicha tumanda jami 30 ta muassasa  tashkil etildi. Ularning barchasi “Yagona tibbiyot axborot tizimi”ga ulandi. 1354 nafar shifokor va hamshiralarning bilim hamda ko‘nikmalari oshirildi. Tuman bo‘yicha 69 ta tibbiy brigada tashkil etildi. Prezidentimiz videoselektorida tumandagi “Qashqabuloq” MFY hududida joylashgan 12-sonli oilaviy poliklinika qattiq tanqid ostiga olingan edi. Bugun ushbu muassasa har jihatdan namunali maskanga aylantirilganiga guvoh bo‘ldik.  

– Mavjud muassasalarga ichki lokal tarmoqlar tortilganini va har biri 1 gb internet bilan ta’minlanganini ham ta’kidlab o‘tish lozim, – deydi “UzINFOCOM”ning Jizzax viloyati bo‘yicha mas’ul vakili Shahzod Iskandarov. – Har bir xodimga kompyuter,  oilaviy shifokorga ro‘yxatxona bilan aloqada bo‘lishi uchun monitor berildi. Kuzatuv kameralari o‘rnatildi, aniqlangan ehtiyoj bo‘yicha 235 ta kompyuter jamlanmasi xarid qilinib, “DMED”ga ulandi. Galdagi vazifa tizimning shu nomdagi ilovasini har bir fuqaro yuklab olishi va undan foydalangan holda respublikaning istalgan tibbiyot muassasasi bilan onlayn aloqa o‘rnatishi mumkinligini targ‘ib qilishdir. Umid qilamizki, ushbu tashabbus vaqti kelib butun O‘zbekistonga qanot yozadi.  

Darhaqiqat, mazkur tajriba bir yil o‘tib o‘tmay, mamlakatimizda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishda eng chekka qishloq bilan yirik shaharlar o‘rtasida ham hech qanday farq qolmasligiga ishonamiz va bunga G‘allaorol tumani yaqqol misol bo‘la oladi. Tumanda amalga oshirilgan ishlar ushbu birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimini transformatsiya qilish, uni samarali va sifatli tashkil etish bo‘yicha strategik qadam bo‘ladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Shu kunning o‘zida G‘allaorol shaharchasidagi 1-sonli oilaviy poliklinikadan tashqari, tumandagi qolgan 22 ta oilaviy poliklinika binolarining ham tantanali ochilish marosimlari bo‘lib o‘tdi. Yangi tizim asosida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan oilaviy poliklinikalarning ochilish marosimlarida hokimlik, tizim rahbar va mas’ullari, “mahalla yettiligi” mahalla faollari, faxriylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.  

A.Qayumov,

J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari