Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida quyosh fotoelektr stansiyasi – QFES qurilishi loyihasining amalga oshirilishi bilan tanishish maqsadida fuqarolar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida qayta tiklanuvchi energiya (QTE) texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish va iqtisodiyot energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan edi. O‘zbekistonda 2025 yilga qadar umumiy qiymati 5 milliard 300 million dollarlik bo‘lgan 810 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida G‘allaorol tumani “Ko‘kbuloq” qishloq fuqarolar yig‘ini hududida Birlashgan Arab Amirliklari davlatining “Masdar” kompaniyasi tomonidan loyiha qiymati 150 million AQSH dollarlik yuz foiz xorijiy investitsiya ishtirokidagi 220 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasini qurish loyihasi yuzasidan hududdagi mahalliy aholi va ushbu QFES barpo etilishi mo‘ljallangan yer maydoni egalari bilan yuzma-yuz uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Toshkent “Green business solutions” hamda “Masdar” kompaniyasi, G‘allaorol tuman hokimligi mas’ullari, mahalla faollari ishtirokida “Jamoatchilik eshituvlari” o‘tkazildi.

Tadbirda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan quyosh fotoelektr stansiyasi – QFESni qurish loyihasining kelajakdagi ish unumdorligi xususida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
“Green business solutions” kompaniya rahbari S.Yusupova QFESning muqobil energiya manbasini yaratishdagi ahamiyati va foydali jihatlari haqida gapirib berdi.
Ushbu QFES Samarqand viloyatining Nurobod tumanida barpo etilgan xuddi shunday 100 MVt qurilmadan quvvati salkam 2 yarim barobar yuqori bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, ushbu loyihani amalga oshirish doirasida yaratilishi kutilayotgan 30 dan ortiq yangi ish o‘rinlari bo‘yicha ham kelishib olindi.
A.Qayumov, O‘zA