Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida uzumchilikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar sohadagi davlat siyosatining amaliy samarasini namoyon etmoqda.
Prezidentimizning 2023 yil 3 avgustda qabul qilingan “2023–2026 yillarda uzumchilik va vinochilik sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori tumanda yirik loyihalarni amalga oshirishga asos bo‘ldi.
“Oqtom” suv iste’molchilari uyushmasi hududida tashkil etilgan qariyb 100 gektarlik uzumzor ushbu islohotlarning yorqin namunasiga aylandi. “G‘allarol Stone Grushing” MCHJ tomonidan barpo etilgan plantatsiyaga joriy yilning o‘tgan 2 yarim oyi davomida jami 120 mingga yaqin ko‘chat ekildi. “Sug‘diyona”, “Husayni”, “Toifi”, “Rizamat”, “Mere”, “Kelin barmoq” kabi bozorbop navlarning tanlanishi kelgusida hosildorlik va tijorat samaradorligini ta’minlashga qaratilgan.
Loyihada zamonaviy agrotexnologiyalar joriy etilgan: hovuz, nasoslar, filtrlash uskunalari o‘rnatilib, barcha ko‘chatlar tomchilatib sug‘orish tizimiga ulandi. Bu texnologiya suv sarfini 40 foizgacha kamaytirib, o‘simlikning barqaror o‘sishini ta’minlaydi.
Plantatsiyada ayni paytda 12 kishi doimiy, 200 nafarga yaqin fuqaro mavsumiy ish bilan band. Ishchilar uchun maxsus yotoqxona, ovqatlanish, yuvinish va dam olish xonalari barpo etilgani loyihaning ijtimoiy ahamiyatini yanada oshiradi.
12 milliard so‘mlik investitsiya yo‘naltirilgan ushbu maydon nafaqat sarmoyani qoplashi, balki yuzlab mahalliy aholini doimiy va uzoq muddatli daromad manbai bilan ta’minlashi kutilayapti.
MCHJ bosh agronomi Muzaffar Ahmedovning qayd etishicha, tumanda bu kabi yirik ko‘lamdagi uzumzor avval bo‘lmagan ekan.
– Har bir ishni yog‘ingarchilikka qoldirmasdan tez va sifatli amalga oshiryapmiz. Bu yerning iqlimi uzumchilik uchun juda qulay, – deydi Muzaffar aka Ahmedov. – Kelgusi yil ko‘chatlarni shpallerga chiqarishni boshlaymiz. Uch yildan so‘ng sug‘orishga bo‘lgan ehtiyoj kamayadi, 5 – 6 yildan so‘ng esa dastlabki mo‘l hosilga erishamiz.
Darhaqiqat, o‘tgan 7 – 8 yil ichida viloyatda 28 ming gektar yangi bog‘ va tokzorlar barpo etilgani sohaning ulkan salohiyatidan dalolat beradi.
Bu jarayonlar mamlakatimizda mehnat bilan ta’minlangan aholi qatlamini kengaytiradi, ichki bozorda mevalar turi va hajmini ko‘paytirib, eksport imkoniyatlarini kengaytiradi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri