Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘allakorlar zafar marrasiga yetib keldi
16:45 / 2025-06-29

Non dasturxon ko‘rki, ko‘zlar quvonchidir. Dasturxonga barcha noz-ne’matlarni tortiq qiling, har qancha bezak bering, ne’matlarning eng ulug‘i non bo‘lmas ekan barchasi behuda ketadi. Dasturxonning sultoni palov bo‘lsa, uning podshosi nondir. Shundan bo‘lsa kerak, dehqonchilik sohasida don yetishtirish va uni saqlash borasida ko‘plab tajribalar amalga oshirilib kelinadi.

Namangan viloyati Mingbuloq tumanida 2025 yil qishloq xo‘jaligi sohasi uchun g‘oyat barakali keldi. Dehqonchilik handalagi hisoblangan pilla topshirish rejasi uddalanishi ortidan g‘allakorlar ham viloyatda birinchilardan bo‘lib zafar marrasini zabt etdilar. 9 ming 141 gektar maydondan 27 ming 182 tonna sara va 626 tonna urug‘lik don yig‘ishtirib olinib, shartnomaviy reja yorug‘ yuz bilan ado etildi. Hosildorlik o‘rtacha 92 sentnerni tashkil etdi.

Mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rilgani, o‘rim texnikalari barvaqt soz etib qo‘yilgani, 58 ta otryadda namunali ish tashkil etilgani muvaffaqiyatning asosiy omili bo‘ldi. Katta xirmonga “Baxtiyor Abdusalomovich”, “Muhsin A’zam”, “Qurvonboy Hayitqulboy o‘g‘li” fermer xo‘jaliklari munosib hissa qo‘shdi. Mazkur xo‘jaliklarda har gektardan 100 sentnergacha g‘alla olishga erishildi.

Dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda, 35 ming tonna hosil fermerlarning o‘z ixtiyorida qoladi. Bu ularning xo‘jalik a’zolarini moddiy qo‘llab-quvvatlash, yangi texnikalar sotib olish, kelgusidagi yanada samarali faoliyat yo‘lida yangi agrotexnika usullarini joriy etish kabi imkoniyatlarini kengaytiradi.

Uchqo‘rg‘onlik dehqon va fermerlar ham davlatga topshirilishi lozim bo‘lgan 25 ming 125 tonna g‘alla rejasini 15 kun ichida to‘liq bajarishga muvaffaq bo‘lib, Namangan viloyatida peshqadam g‘allakorlar sifatida e’tirof etildi. 

G‘alabaning asosiy poydevori – fermerlarning yerga alohida mehr bilan qaragani, ya’ni qadalgan dondan boshlab uni parvarish qilish, agrotexnik qoidalarga amal qilish va zamonaviy yondashuvlarni joriy etish hosildorlikning mo‘l bo‘lishiga zamin yaratdi. Muhimi, mavsumda otryadlar, mexanizatorlar, agronomlar o‘zaro hamjihatlikda, uyushqoqlik bilan ish olib bordi. 

G‘alla o‘rimining asosiy “qahramonlari”dan biri bu mexanizatorlardir. Ular orasidan ayrimlari kuniga 80-100 tonna bug‘doy o‘rib, rekord ko‘rsatkichlarga erishdi. Yuqori ko‘rsatkich qayd etgan mexanizatorlar tuman hokimligi tomonidan munosib rag‘batlantirib borildi. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.