Joriy yilgi g‘alla mavsumi Sirdaryo viloyatining Oqoltin va Sardoba tumanlarida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari va agroklasterlar uchun muvaffaqiyatli va barakali keldi. Oqoltinlik g‘allakorlar 15 ming gektar maydonda bug‘doy yetishtirib, don qabul qilish punktlariga 47 ming 235 tonna hosil topshirdilar. Sardobalik mirishkorlar esa 12 ming gektar yerda sara bug‘doy parvarishlab, 36 ming tonnadan ortiq don yig‘ib olishdi va shu tariqa shartnomaviy rejani yuksak ko‘rsatkichlar bilan bajarishdi.
O‘rim-yig‘im jarayonida Sardoba tumanidagi “Abdulla Qodiriy” fermer xo‘jaligi 666 tonna sara don yetishtirib, belgilangan rejani 137,5 foiz, “Paxtaobodda ishonch yeri” fermer xo‘jaligi esa 286 foiz qilib, amalga oshirdi. Oqoltin tumanidagi “Nurmatullo”, “Forish o‘g‘lonlari”, “Jasur yoshlar dalasi”, “Doston Qahor”, “Ulug‘bek Norqul”, “Aziz Ulug‘bek barakasi”, “Saralangan Oqoltin” fermer xo‘jaliklari hamda “Bobur qishloq xo‘jaligi” va “Indorama Agro” MCHJ kabi agroklasterlar har gektardan 85–100 sentnergacha bug‘doy hosili oldilar. Bu esa yerdan unumli foydalanganlari, agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri va o‘z vaqtida amalga oshirganlari natijasidir.


– Bu boradagi yuksak natijalarning ortida katta jamoaviy mehnat, uyushqoqlik va mas’uliyatli yondashuv yotadi. Xususan, fermer va agroklasterlarda faoliyat olib borayotgan suvchilar, agronomlar, mexanizatorlar, kombaynchilar, transport haydovchilari va o‘rim-yig‘im jarayonini muvofiqlashtirgan mas’ullarning munosib hissasi bor, – deydi Oqoltin tuman hokimining o‘rinbosari Ulug‘bek Tursunov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri