Farg‘ona viloyatida 95 ming 720 gektar maydonda g‘alla parvarishlangan bo‘lib, ayni kunlarda hosilni o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib-terib olish ishlari tobora qizg‘in pallaga kirmoqda. Mirishkor fermerlar har bir gektar yerdan o‘rtacha 80 sentnerdan boshoqli don yig‘ishtirib olishni rejalashtirgan.
Furqat tumanida g‘allachilikda ilg‘or tajribalar yaratilyapti. Bu yil hosilning cho‘g‘i baland. 23 ming 750 tonna elimizning rizq-nasibasi bo‘lgan don xirmoni yaratish maqsadida 205 fermer xo‘jaliklari bilan 6 ming 450 gektar yerda sifatli hosil yetishtirish uchun shartnoma imzolangan edi. Shu maqsadda “Davr”, “Asr”, “Grom” singari mahalliy iqlim sharoitiga mos navlar qatori xorijdan keltirilgan yangi “Bezostaya – 100” navi tajribadan muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Shuningdek, ilm-fan yutuqlari va innovatsion g‘oyalar asosida 557 gektar yerda tajriba tariqasida yangi navlar ekildi.

Tumanda 31 o‘rim otryadi tashkil etilib, ikkita klaster – “Istiqbolli g‘alla eksport” va “Furqat don klasteri” tomonidan otryadlar boshliqlari mexanizator va haydovchilarga pul mablag‘lari berildi. “Furqat don klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati g‘allachilik klasteri tasarrufida qayta ishlash zavodi, 12 ming tonna sig‘imga ega omborxona mavjud. Bu yerda bir kunda 200 tonna g‘alla zamonaviy texnologiyalar yordamida qayta ishlanadi.

– Qishloq xo‘jaligidagi hayotbaxsh islohotlar samarasi sifatida bir paytda eng qoloq hisoblangan cho‘l-dasht hududidagi Qolgandaryo massivida faoliyat olib borayotgan fermer xo‘jaliklari bugungi kunda tumanning eng ilg‘or fermerlariga aylandi, – deydi “Sherali Hamzayev” fermer xo‘jaligi rahbari Safarali G‘aniyev. – Bu yil ham 43 gektar yerda g‘alla parvarishlab, qisqa ish kunida rejani tumanda birinchi bo‘lib uddaladik. Har gektar yerdan olingan hosil salmog‘i joriy yilda ham 100 sentnerga yetdi. Dastlabki hisob-kitoblarimizga ko‘ra, birgina g‘allaning o‘zidan 1 milliard so‘mdan ziyod daromad olish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, sut yo‘nalishida Fransiyadan keltirilib boqilayotgan 450 bosh naslli qoramollar, 20 sotixda barpo etilgan issiqxona, 30 sotixda intensiv usulda parvarishlanayotgan baliqlar fermer xo‘jaligining muqim daromad manbaidir. Quva tajribasi asosida dala chetlariga ekilgan 1 gektar yerdagi anor daromadga kirgan bo‘lsa, bu yil dala chetlarida Oltiariq tajribasi bo‘yicha 3 gektar maydonda uzum plantatsiyasi tashkil etildi. Uzum toklari orasida pomidor, dukkakli ekinlar yetishtirildi. Fermer xo‘jaligining 35 nafar a’zolari xo‘jalikning 13 texnikalari yordamida boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan maydonlarni peshma-pesh tekislab, mosh, makkajo‘xori ekishga kirishmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA