Buxoro viloyati Olot tumanida g‘alladan bo‘shagan maydonning bir qismida chigit ekish ishlari boshlangan. Aniqrog‘i, joriy mavsumda olotlik mirishkorlar g‘alladan bo‘shagan ming gektar maydonda sanoat uchun qimmatbaho xom ashyo sanalgan paxta yetishtirishga kirishgan. Buning uchun g‘alladan bo‘shagan yer maydoni somondan tozalanib, tuproq namligini saqlagan holda chigit ekish choralari ko‘rilmoqda.
Mutaxassislar qayd etishicha, yoz jaziramasida yerga chigit ekib, hosil yaratish qishloq xo‘jaligida noyob kuzatiladigan hodisa. Negaki bu g‘o‘za vegetatsiyasi bilan bog‘liq, agrotexnik va izchil parvarishni taqozo etadigan holat. Shunga qaramasdan, viloyatda o‘tgan yillarda ham yoz faslida chigit ekib, paxta yetishtirish tajribasi shakllangan. Soha mas’ullari hisob-kitoblariga ko‘ra, g‘alladan bo‘shagan yerga qadalgan “S-37-47” naviga mansub g‘o‘zadan kech kuzga borib 1 ming 500 tonnadan ziyod paxta xom ashyosi olinishi ko‘zda tutilmoqda.

Ayni kunlarda Qorako‘l tumani g‘allazorlarida ham o‘rim-yig‘im ishlari qizg‘in davom etmoqda. Shu o‘rinda soha xodimlari oldida turgan yana bir muhim vazifa bu g‘alladan bo‘shagan maydonlarni peshma-pesh somondan tozalash, shudgorlash hamda takroriy ekin ekish ishlarini sifatli amalga oshirish sanaladi. Buni yaxshi anglagan qorako‘llik dehqonlar o‘rim-yig‘im ishlari qatorida takroriy ekin bilan bog‘liq agrotexnik tadbirlarni ham o‘z vaqtida maromiga yetkazib bajarmoqda.

Aholini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash va fermer xo‘jaliklari iqtisodini mustahkamlash maqsadida joriy yil g‘alladan bo‘shagan jami 5915 gektar maydonda takroriy ekin sifatida sabzavot, poliz, moyli, dukkakli, makka don, qizil lavlagi hamda ozuqa ekinlari ekish ko‘zda tutilgan.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘lidagi bu sa’y-harakatlar bozorlar to‘kinligi, xalqimiz farovonligiga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyatga ega.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri