Ayni kunda Buxoro viloyati Vobkent tumanida ham qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish, aholi ro‘zg‘orini kundalik zarur sabzavot-poliz, dukkakli va moyli mahsulotlar bilan ta’minlash va bu mahsulotlar tanqisligining oldini olishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Bugunga kelib tumanda paxtachilik, g‘allachilik, bog‘dorchilik kabi tarmoqlarda band bo‘lgan 330 dan ortiq fermer xo‘jaligi va ular tasarrufidagi jami 18 ming 680 gektar maydonda dehqonchilik qilinmoqda. Tarmoqlar yo‘nalishida paxta, g‘allachilikdan tashqari, 60 tadan ortiq fermer xo‘jaligi bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligida, 30 ta fermer xo‘jaligi chorvachilik yo‘nalishida, o‘nga yaqin parrandachilik va baliqchilikda, shuningdek, sabzavot-polizchilikda 6 ta fermer xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Shu kunlarda g‘alla hosilidan bo‘shatilgan yer maydonining 531 gektarida sabzi, 310 gektarida sabzavot-poliz mahsulotlari ekib yetishtirish ishlariga kirishilgan. Xuddi shunday, makkajo‘xori doni uchun 1050 gektar, moyli ekinlar uchun 392 gektar, dukkakli mahsulotlar yetishtirishga 1000 gektar, qizil lavlagi yetishtirishga 220 gektar, tariq yetishtirishga 1200 gektar yer maydoni ajratilgan va dehqon xo‘jaliklari, tomorqachilar tomonidan amaliy ish boshlangan.

“Boltayev G‘olib Komilovich” fermer xo‘jaligi dalalarida ayni damda 8 gektar yerda sabzi yetishtirilmoqda. Fermer xo‘jaligi o‘tgan yilda ayni takroriy ekin mavsumida 5 gektar yerda sabzi ekib, 100 tonnadan oshirib hosil olishga muvaffaq bo‘lgan.
Hozirda fermer xo‘jaligi sabzavot mahsulotlarini saqlash uchun muzlatgich ham qurishga erishdi. Albatta, bir xo‘jalikning bu kabi yutug‘i hududda oziq-ovqat xavfsizligi va aholi dasturxoni to‘kinligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.