Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida g‘alladan bo‘shagan yerlarga takroriy hosil ekishni tizimli tashkil qilish, ayniqsa, yerdan foydalanishda tumandagi ishsiz aholi va yoshlar, shuningdek, «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» ro‘yxatidagi fuqarolarga berish va undan unumli foydalanish bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi.
Beruniy tumani hokimligi axborot xizmati ma’lum qilishicha, seminarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori F.Allambergenov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari S.Xodjametov, Beruniy tumani hokimi A.Saparbayev, sektor rahbarlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, tijorat banklari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari va mas’ul tashkilot va korxona mutasaddilari, shuningdek, yer oluvchi aholi ishtirok etdi.
Tumanda g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlarni ekish uchun yer tayyorlash, talab etiladigan moddiy-texnika resurslarini yetkazish, agrotexnik tadbirlarni sifatli o‘tkazish kabi tadbirlarga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, har bir xonadonning oilaviy ahvoli o‘rganilib, ular to‘g‘risida ma’lumotlar bazasi shakllantirilgan.

Fermerlar takroriy ekin ekish istagini bildirgan ishsiz aholiga hozirda g‘alladan bo‘shagan 3 ming 300 gektar yer maydonlarini taqsimlash bilan birga, uni haydash va belgilangan takroriy ekin ekish ishlari uchun bevosita amaliy yordam bermoqda.
Tumandagi 4 ta sektordan 11 ming 550 nafar fuqaroga yer berish bo‘yicha barcha ishlar amalga oshirilgan. Tumandagi 40 ta ovul va mahalla fuqarolar yig‘inidan ro‘yxatlar shakllantirilib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ekish uchun ajratib berish ishlari boshlab yuborildi.
Shuningdek, seminar davomida tomorqa xizmatlari ko‘rgazmasi tashkil qilindi.
Seminar yakunida bajarilishi lozim bo‘lgan masalalar bo‘yicha tegishli rahbarlarga topshiriqlar berildi.
Ye.Qanoatov, O‘zA