Yozyovon mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib fermerlik harakatini to‘liq yo‘lga qo‘ygan tumandir. 2002 yilda istiqbolsiz, past rentabelli shirkat xo‘jaliklari negizida tashkil etilgan fermer xo‘jaliklari o‘tgan yillar davomida paxtachilik, g‘allachilik, bog‘dorchilik kabi tarmoqlarda ilg‘or tajribalarga ega bo‘ldi.
Yerga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi, asosiysi, odamlar boqimandalik kayfiyatidan butkul xalos bo‘ldi. Ayni kunlarda ikki yuzdan ortiq fermer xo‘jaliklari samarali faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, nafaqat tumanda, balki Farg‘ona viloyatida ham sohada maktab yarata olganlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Kecha kichik xo‘jalik egasi bo‘lgan fermer bugun yirik va sertarmoq xo‘jalik sohibi sifatida namoyon bo‘lmoqda. “Farzulfiqor” fermer xo‘jaligi ham zamon bilan hamnafas faoliyat yuritib, bugun havas qilgudek yutuqlarga erishmoqda.
–Xo‘jaligimizning asosiy maydoni markaziy Farg‘ona yerlarida joylashgan, – deydi fermer Maqsudjon Yoqubov. – U paytlarda fermerlik haqida yaxshi tushunchaga ham ega bo‘lmaganmiz. Otamiz shu yerda brigadir bo‘lgan. U kishining maslahatlari bilan dehqonchilik qilishni boshlaganmiz. Avvalo, yerni aldamaslik kerak. Dastlabki yilda unumdorlik nihoyatda past bo‘lgan. Oilamiz bilan yerga mehrimizni berdik. Mana, mehnat ham shunga yarasha bo‘lmoqda. Tumanimizda paxta va g‘allachilik bo‘yicha klasterlarning tashkil etilgani bizga yanada katta madad bo‘ldi. Sarson-ovoragarchilikdan qutuldik. Asosiy e’tiborimizni mo‘l hosil olishga qaratyapmiz.
Mazkur fermer xo‘jaligi paxtachilik va g‘allachilikning haqiqiy mirishkori hisoblanadi. O‘tgan uch yildan buyon g‘alladan 100 sentner, paxtadan esa 50 sentner hosil olayotgani ham bundan yaqqol dalolat. Joriy yilda 58 gektar bug‘doydan ko‘zlanganidan ortiq hosil olindi. 63 gektar maydonda esa g‘o‘zaning “S-6570” navi agrotexnik tadbirlar asosida parvarishlanmoqda. 2,5 gektar maydondagi bog‘da o‘rik, shaftoli, olma yetishtirilyapti.
O‘tgan davr mobaynida xo‘jalik yaxshigina daromad ko‘rdi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida 400 million so‘m sof foyda oldi. Zamonaviy texnikalar xarid qilindi. Parranda, baliq boqish yo‘lga qo‘yildi.
Mehnat insonni ulug‘laydi, degan gap bejiz emas. Maqsudjon Yoqubov singari fermerlar bugun qishloqda yetakchi kuchga aylanib, hurmat-e’tibor qozongani ham fidoiyligi, halol mehnatining samarasidir.
M. Sulaymonov,
O‘zA