Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida kuz faslining quruq va iliq kelishi sabab boshoqli ekinlarda unish jarayoni sustlashayotgan bir paytda g‘alla parvarishiga bag‘ishlangan amaliy seminarlar tashkil etildi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – fermer va dehqonlarga mavjud agroiqlim sharoitida yuqori hosil olish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar berishdan iborat bo‘ldi.
Viloyat hokimi o‘rinbosari topshirig‘iga asosan tuzilgan ishchi guruh tomonidan o‘tkazilgan seminarlarda Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Zafar Ro‘ziyev, O‘zbekiston Qahramoni Anorboy Eshmatov, Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassisi Abdug‘afur Xoldorov, tuman hokimligi va fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etishdi.
[gallery-27001]
Mutaxassislar kuzgi bug‘doyni qishlovga to‘g‘ri tayyorlash, sug‘orish va o‘g‘itlash ishlarini o‘z vaqtida hamda sifatli bajarish mo‘l va sifatli hosil olishning asosiy omili ekanini ta’kidladilar. Ekish me’yorlariga rioya qilish, ko‘chat qalinligini saqlash, tuproq namligini me’yorida ushlab turish, mahalliy va mineral o‘g‘itlardan oqilona foydalanish bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, qish faslida g‘alla maydonlarini muhofaza qilish, ichki sug‘orish tarmoqlarini tozalash, yer yorilishining oldini olish hamda kechki va sust rivojlangan ekinlarni qo‘shimcha oziqlantirish zarurligi alohida qayd etildi. Azotli, fosforli va kaliyli o‘g‘itlarni qo‘llash muddatlari bo‘yicha ham aniq tavsiyalar berildi.
“Paxtakor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida boshlangan amaliy seminar keyinchalik “Bog‘ishamol” mahallasida davom ettirildi. Ta’kidlanganidek, ushbu ilmiy asoslangan chora-tadbirlar joriy 2026 yilda yuqori va sifatli don hosili yetishtirishga xizmat qiladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari