O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda uning Sirdaryo viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan Guliston shahrida markaziy va hududiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida “G‘allachilik tarmog‘ida amalga oshirilgan tizimli islohotlar inspeksiya nazoratida” mavzusida matbuot anjumani va amaliy press-tur tashkil etildi.
Tadbir doirasida Sayxunobod tumanidagi kichik sanoat zonasi hududida joylashgan “Oqoltin don mahsulotlari” AJ hamda Sirdaryo tumanidagi “Ibrohim Karimov” suv iste’molchilari uyushmasi hududida faoliyat yuritayotgan, paxtachilik va g‘allachilikka ixtisoslashgan “Ergash Eshonqulov” fermer xo‘jaligiga amaliy tashrif uyushtirildi.

Matbuot anjumani "O‘zagroinspeksiya"ning Sirdaryo viloyati boshqarmasida tashkil etildi. Unda g‘allachilik, paxtachilik va boshqa qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida ishlayotgan xodimlarning mehnat haqini o‘z vaqtida to‘lash masalalari, 2002 yil 6 martda qabul qilingan Prezident qarori ijrosi, shuningdek 2025 yilgi g‘alla o‘rim-terim mavsumini samarali tashkil etish va shartnomaviy rejalarning bajarilishi muhokama qilindi.

Savol-javob tarzida o‘tgan anjumanda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Nurali Shodiyev hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar, qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash va istiqboldagi rejalar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Uning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 iyuldagi 575-sonli qaroriga muvofiq, inspeksiya organlariga yuklatilgan vazifalar ijrosi doirasida 2025 yil boshidan buyon 25 041 ta nazorat ob’ektida 62 ta normativ-huquqiy hujjat asosida 3 157 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilgan. Ulardan 339 tasi tekshiruv, 2 818 tasi monitoring shaklida amalga oshirilgan.

Bu tadbirlar natijasida 314 ta ma’muriy huquqbuzarlik aniqlanib, jami 1 mlrd 39 mln 550 ming so‘mlik jarimalar qo‘llanilgan. Shuningdek, 2 809 ta korxonaga ogohlantirishlar berilgan, 111 ta taqdimnoma yuborilgan hamda 26 ta holat sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.

Qishloq xo‘jaligi yerlaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish holatlari yuzasidan ham 42 ta taqdimnoma tegishli idoralarga taqdim etilgan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 65-moddasi 1–3-qismlari asosida 176 nafar mansabdor shaxsga nisbatan 1 mlrd 12 mln 312 ming so‘mlik jarimalar qo‘llangan.
Matbuot anjumanidan so‘ng, OAV vakillari “Oqoltin don mahsulotlari” AJning don qabul qilish shoxobchasiga tashrif buyurib, qabul jarayonlarining belgilangan standartlar asosida, shaffof va elektron tizimlarda amalga oshirilayotgani bilan yaqindan tanishdilar.
Ma’lumot uchun shuni aytib o‘tish mumkinki, joriy yilda Sirdaryo viloyatida 73 ming gektar maydonda g‘alla yetishtirilgan bo‘lib, hosil 11 ta don qabul qilish shoxobchasida qabul qilib olinadi. Qabul jarayonida nizoli holatlar yuzaga kelmasligi uchun har bir shoxobchaga "O‘zagroinspeksiya" mutaxassislari biriktirilgan.
Press-turning keyingi manzili Sirdaryo tumanidagi “Ergash Eshonqulov” fermer xo‘jaligi bo‘lib, ishtirokchilar bu yerda g‘alla o‘rim-terim ishlari, zamonaviy texnikadan samarali foydalanish jarayoni bilan yaqindan tanishishdi. Joriy mavsumda o‘rim uchun viloyat bo‘yicha 224 ta yuqori unumli kombayn va 1 028 ta yuk tashish vositalari jalb etilgan.
– Biz bu yil "Vassa" navli bug‘doy yetishtirdik. Barcha agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirdik va hozirda gektariga 90 sentner hosil olishni maqsad qilganmiz. "O‘zagroinspeksiya" mutaxassislari barcha jarayonlarda bizga amaliy yordam bermoqda, – deydi Fermer Zokir Eshonqulov.
Xulosa qilib aytganda, “G‘allachilik tarmog‘ida amalga oshirilgan tizimli islohotlar inspeksiya nazoratida” mavzusidagi matbuot anjumani va amaliy press-tur ishtirokchilar uchun foydali va mazmunli o‘tdi. Markaziy va hududiy OAV vakillari islohot samaralari, mavjud muammolar va istiqboldagi rejalar haqida atroflicha axborotga ega bo‘lishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri