Urug‘lik g‘alla bu dehqonchilikda asosiy agrotexnik omillardan biri bo‘lib, uning sifatiga ahamiyat berish yuqori hosil olish, ozuqa xavfsizligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Urug‘lik sifatining yuqoriligi bevosita ekinlarning unib chiqishi, kasalliklarga chidamliligi hamda hosildorligiga ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun mamlakatimizda urug‘lik g‘alla tanlash va tayyorlash jarayoniga alohida e’tibor qaratiladi.
Xususan, o‘tgan yil davomida g‘alla, don va moyli ekinlar urug‘chiligi sohasida sifatli urug‘lik yetishtirish, navlarni yangilash, elita va reproduksion urug‘lik tayyorlash hajmlarini oshirish, fermer xo‘jaliklarini yuqori hosildor urug‘lar bilan ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borildi.
Shuningdek, Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tomonidan tayyorlangan g‘alla urug‘liklari 100 foiz yarovizatsiyadan o‘tkazildi. Bu ekinlarning bir maromda unib chiqishi va yuqori hosil olish uchun mustahkam zamin yaratadi.
–O‘zbekistonda g‘allachilik sohasini ilmiy asosda rivojlantirish, yuqori hosildor va navdor urug‘lar bilan ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi, –dedi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi bo‘lim boshlig‘i Saidahmad Tulepov. – Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 oktyabrdagi 641-sonli qarori asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2025 yil g‘alla hosili uchun navdorlik sifat ko‘rsatkichlariga javob beradigan boshoqli don urug‘larini yetishtirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, qishloq xo‘jaligi sub’ektlarini to‘g‘ri tanlab olish maqsadida “Agroplatforma” dasturi orqali onlayn elektron tanlovlar o‘tkazildi. Tanlovlarda ishtirok etgan 2 ming 913 ta sub’ektga tegishli 79 ming 755 gektar maydon tanlab olindi. Ushbu maydonlarda to‘rt marotaba monitoring hamda “E-urug‘” platformasi orqali aprobatsiya tadbirlari o‘tkazilib, natijada 261 ta sub’ektning 12,6 ming gektar maydoni yaroqsiz deb topildi, urug‘likdan chiqarildi. Bu jarayonlar urug‘ sifatiga nisbatan qat’iy talablar qo‘yilayotganidan dalolat beradi.
Aprobatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan 2 ming 613 ta sub’ektning 64,7 ming gektar maydonlaridan 200 ming tonna urug‘lik don jamg‘arish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 200 ming 388 tonna urug‘lik don tayyorlandi. Jamg‘arilgan urug‘lik donning salmoqli qismi don korxonalari, klasterlar, xususiy urug‘chilik korxonalari hamda Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tizimidagi korxonalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Shu bilan birga, 2024 yil hosilidan jami 38,4 ming tonna qoldiq urug‘lik mavjud bo‘lib, uning katta qismi elita va super elita avlodlaridan iborat. Qoldiq urug‘lik don tarkibida ham xorijiy, ham mahalliy navlar ulushi mutanosib saqlanib, kelgusi yillar uchun muhim zaxira sifatida xizmat qilmoqda.
Joriy yilda 212,5 ming tonna urug‘lik donni dorilash rejalashtirilib, amalda 99 foizdan ortig‘i tayyorlandi. Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 31 maydagi 345-sonli qarori talablariga muvofiq, urug‘lik donni sovutgichli omborxonalarga joylashtirish ishlari ham bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Xususan, 177,8 ming tonna urug‘lik don vernalizatsiya uchun sovutgichli omborlarga qo‘yildi.
2026 yil hosili uchun esa 240,3 ming tonna urug‘lik don hududlarga chiqarilib, 29 mingdan ortiq g‘alla ekadigan sub’ektlarga tarqatildi. Bu esa g‘alla yetishtirish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rilayotganini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, 2025 yilda urug‘lik g‘alla yetishtirish huquqini berish bo‘yicha elektron tanlovlar o‘tkazilib, 2400 ta talabgordan 87,3 ming gektar maydon uchun arizalar qabul qilindi. Tanlov natijasida 2 ming 126 ta sub’ekt 78,7 ming gektar maydon bo‘yicha g‘olib deb topildi. Ayni paytda mazkur maydonlarda kuzgi-qishki agrotexnik tadbirlar, parvarishlash ishlari izchil davom etmoqda.
O‘tgan yil 1 dekabrdan boshlab barcha urug‘lik maydonlarda birinchi monitoring tadbirlari to‘liq amalga oshirildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, monitoring ishlarini o‘z vaqtida va sifatli tashkil etish maqsadida joylardagi urug‘lik g‘alla yetishtiruvchi sub’ektlarga ilmiy tavsiyalar va amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.
Umuman olganda, amalga oshirilayotgan bu ishlar sifatli urug‘ — yuqori hosil garovi ekanini yana bir bor tasdiqlab, mamlakatimizda g‘allachilik sohasini
barqaror rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA