French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘alla parvarishidagi muammolarga yechim izlandi
16:26 / 2026-01-05

Sardoba tumanida g‘alla parvarishida kuzatilayotgan muammolarni bartaraf etish va rivojlanishdan orqada qolgan maydonlarga qayta ishlov berishni yo‘lga qo‘yish maqsadida amaliy seminar tashkil etildi.

Tadbir tumanning “Do‘stlik” hududida joylashgan “Behruzbek Dalasi Sari” fermer xo‘jaligiga qarashli g‘alla maydonida o‘tkazildi.

Seminarda 2026 yil hosili uchun ekilgan boshoqli don maydonlarida yanvar oyida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan agrotexnik tadbirlar muhokama qilindi. Mutaxassislar g‘allaning hozirgi holatini tiklash, qishki parvarish ishlarini samarali olib borish, mineral o‘g‘itlardan maqsadli foydalanish, namlikni saqlash hamda kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash choralari yuzasidan amaliy ko‘rsatmalar berdi.

Ma’lum qilinishicha, tumanda 25 ta fermer xo‘jaligiga tegishli jami 350 gektar g‘alla maydonida rivojlanishdan orqada qolish holatlari aniqlangan. Seminar aynan shu “qoloq” maydonlardagi muammolarni tahlil qilish va ularni bartaraf etishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni belgilashga xizmat qiladi.

Tadbirda Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi M. Jo‘rayev boshchiligida qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar rahbarlari va g‘allachilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etishdi.

Seminar yakunida har bir fermer xo‘jaligi kesimida maydonlarning holatidan kelib chiqib ish olib borish, belgilangan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, zamonaviy agrotexnologiyalar va suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda zararkunanda, kasalliklarga qarshi kompleks choralar ko‘rish orqali ekin maydonlari hosildorligini sezilarli darajada oshirish mumkinligi qayd etildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri