Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘alla maydonlarida ish qizg‘in
15:19 / 2024-04-13

Shu kunlarda hududlarda qishloq xo‘jaligi ishlari qizg‘in pallaga kirgan. Bir tarafda baraka urug‘lari qadalayotgan bo‘lsa, bir tarafda rizq-ro‘zimiz bo‘lgan g‘alla maydonlarida zaruriy agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Hosilning mo‘l bo‘lishi aynan shu kunlarda boshlanib, to kech kuzgacha olib borilayotgan agrotexnik tadbirlar innovatsion yechimlar orqali amalga oshirilishiga bevosita bog‘liq. Shu bois, 2024-yil hosili uchun g‘alla maydonlarida amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlarni o‘rganib, ularni tizimli yo‘lga qo‘yish, joylarda fermer va dehqonlarga bu borada zaruriy tavsiyalar berish hamda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida “Dolzarb 30 kunlik” nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda.  

Hozir g‘alla maydonlarida tarqalayotgan begona o‘tlar, turli kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash tadbirlarini tizimli yo‘lga qo‘yish, g‘alla maydonlarini azotli mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish va sharbat usulida sug‘orish ishlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan.  

Toshkent viloyatida 123 ming gektar maydonda boshoqli don ekinlari parvarish qilinmoqda. O‘tkazilgan nazorat tadbirlarida aniqlanishicha, bugungi kunda g‘alla maydonlarining 35 ming 146 gektarida o‘simlik hosil to‘plash hamda 97 ming 854 gektari naychalash pallasida rivojlanayotgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, dalalarni azotli mineral o‘g‘itlar bilan belgilangan tartibda bahorgi birinchi va ikkinchi oziqlantirish ishlari to‘liq yakunlandi. O‘z navbatida begona o‘tlarga qarshi 94 ming 340 gektar, kasalliklarga qarshi 87 ming 204 gektar hamda zararkunandalar, hasharotlarga qarshi 239 gektar maydonlarda kimyoviy ishlovlar o‘tkazildi.  

– Tumanida g‘alla parvarishi borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi O‘rta Chirchiq tumani Qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Behzod Yavgashev. – G‘alla maydonlarini oziqlantirish uchun mineral o‘g‘itlar zaxirasi yaratilgan. Mavsum boshidan 6 ming 767 gektar maydonda oziqlantirish ishlari amalga oshirildi.  

Shuningdek, g‘alla maydonlarini sharbat bilan sug‘orish maqsadida aprel oyida joylarda gektariga 3 tonnadan mahalliy o‘g‘it chiqarish belgilangan. Ushbu tadbir bugungi kungacha viloyat hududlarida 25 foiz bajarilgan.Shu kabi bahorgi ishlar tizimli ravishda olib borilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad mo‘l hosil olishdir.  

A.Musayev,O‘zA muxbiri