Shu kunlarda Toshkent viloyati dalalarida oltinday tovlanayotgan g‘alla hosilini nes-nobud qilmay yig‘ishtirib olish uyushqoqlik bilan davom etyapti.
Jazirama issiqqa qaramay g‘ayrat bilan ishlayotgan g‘allakorlar va kombaynchilarning tinimsiz mehnati tufayli hosil don qabul qilish punktlariga peshma-pesh yetkazilmoqda. G‘alla xirmoni kun sayin yuksalib, omborlar donga to‘lyapti.
Dalalarda kishi dimog‘iga uriladigan bug‘doy boshoqlarining yoqimli isi esa butun mavsum davomida mashaqqatli mehnat qilgan dehqonning sarhisob qilish pallasi kelganini bildiradi. Bug‘doy parvarishi va o‘rimini o‘z vaqtida agrotexnika talablari darajasida bajargan fermerlar o‘z rejalarini uddalab yuzlari yorug‘ bo‘lyapti.
[gallery-17805]
Piskent tumanida ham 173 ta fermer va qishloq xo‘jaligi korxonasi tomonidan joriy yil 8 ming gektar yer maydoniga boshoqli don ekilgan edi. G‘allani o‘rib-yig‘ib olishga joylarda tashkil qilingan 25 ta otryad mas’ul va 25 ta kombayn biriktirilgan. Maqsad esa har gektar yerdan 80-90 sentner g‘alla olish va 30 ming tonnaga yaqin hosilni davlatga sotish. Ayni paytda ilg‘or fermerlar tomonidan har gektar yerdan 82 sentnergacha g‘alla topshirilmoqda.
Shuningdek, Yangiyo‘l tumanida 7868 gektar maydonda boshoqli don ekinlari parvarishlangan. Bu hududda ham ish belgilangan tartibda olib borilyapti. Sektor rahbarlari mavsumga biriktirilgan har bir otryad a’zolari bilan suhbatlashib, bajarilishi kerak bo‘lgan vazifalarni tushuntirgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 2024 yil g‘alla mavsumida tuman bo‘yicha jami 14 ta otryadga 14 ta g‘alla o‘rish kombayni biriktirildi.
“Nurdavlet agro fayz” fermer xo‘jaligi birinchilardan bo‘lib g‘alla topshirish bo‘yicha shartnoma rejasini ortig‘i bilan bajardi.
Mazkur fermer xo‘jaligining 37 gektar maydoniga ekilgan don hosilidan 111 tonna g‘alla olish belgilangan bo‘lib, hozir xirmonga 121 tonna sara don topshirildi. Fermer xo‘jaligi rahbari U.Esinbayevning mehnati, namunali ko‘rsatgichi rag‘batlantirildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/s1AiwHVJ1lI" title="“Gʻalla-2024”: xirmonlar donga toʻlmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Viloyatda g‘alla o‘rim-yig‘imi qizg‘in davom etmoqda.
A.Musayev, O‘zA muxbiri