To‘qson bilan to‘qnashib, keksayib, ko‘zi xiralashib, qulog‘i og‘irlashib qolgan buvim, har zamonda «Ko‘cha tinchmi bolam?» deb so‘rab qoladi.
O‘ylab qarasam, yoshini yashab, oshini oshagan buvimning shu oddiy so‘rovida eldoshlarga bo‘lgan qancha mehr, qalb uyg‘oqligi bor. Bugun har birimiz uchun ana shunday ogohlik, sergaklik har qachongidan ham zarur.
Bugun dunyo sathi kosadagi suvdek qalqib turibdi. Shu kecha kunduzda sodir bo‘layotgan turli qo‘poruvchilik, xunrezliklar zamirida eldoshlarning o‘zaro tortishuvi, bir davlat odamlarining daxanaki olishuvlariga “o‘t qo‘yayotgan”, “gazak oldirayotgan” aksariyat uchinchi kuchlarning ta’siri ekanligini ko‘rib turamiz. 80-yillarda o‘zbekning mardona xalq shoiri, Abdulla Oripov “Senga insof bersin. Uchinchi odam!!!” deganda naqadar haq edi.
Ayni kez qo‘shni Qozog‘istonda ro‘y berayotgan janjallar ham yangi yil boshida hech kim kutmagan, o‘ylamagan noxush hodisa bo‘ldi. Xalqning ko‘tarilishi, hukumatga qarshi noroziliklar aslida bir kunda paydo bo‘lgan narsa emas.
Xalqimizning “Bir kun urush bo‘lgan joydan qirq kun baraka ketadi”, degan naqlini eslasak, bunday qaltis vaziyatda faqat mamlakatgina emas, balki millat ham yutqazadi, kelajak avlod ham katta yo‘qotishlar bilan ro‘baro‘ keladi. Zero, qut-baraka arigan yerda xotirjamlik, ertangi kunga umid ham so‘nadi. G‘alamis, fitnakor kimsalar esa asl muddaolariga yetib, vayron bo‘lgan yurt, o‘z og‘a-inisiga musht tushirgan millat ustidan kulib ketaveradi.
Yurtimiz ko‘p millatli mamlakat. Bir yuz o‘ttizdan ortiq millat va elatlar istiqomat qiladigan vatanimizdagi xalqlarning do‘stona hayoti, birodarchilik tutimlar asosidagi turmush tarzi havas qilarlidir. Qo‘ni-qo‘shni bo‘lib yashayotgan, milliy bayramlarida bir-birini qutlayotgan yurtdoshlarimizni ko‘rib, hayotdagi eng katta boylik tinchlik ekanligini chuqur his etasiz.
O‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman, ozarbayjon, turk kabi qardosh ellar bilan totuvlikda yashayotgan vatanimizdagi osoyishtalikning tag-zamiri shukronalik ekanligini amin bo‘lamiz.
Dunyoni qanday ko‘rishni istasangiz, shu rangni topasiz. Illat izlasangiz – illat, fazilat qidirsangiz – to‘rt tomondan ham fazilat bo‘y ko‘rsataveradi. Muhimi, bir hovuchlik umrni ilm va ijodga, yurt va xalq yuzini yorug‘ qilishga hissa qo‘shishga ulgurmoq, bu – umring ezgu matlabidir.
Nargiza ASADOVA