Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“G‘alaba bog‘i” ga sayohat tashkil etildi
14:19 / 2025-12-10

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati kengashi Sirdaryo tumanida joylashgan Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligiga qarashli harbiy qism bilan hamkorlikda harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a’zolari uchun ma’rifiy sayohat tashkil etdi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad ichki turizmni rivojlantirish, yoshlar va harbiy xizmatchilar o‘rtasida vatanparvarlik ruhini mustahkamlash, shuningdek, oilaviy dam olish uchun qulay shart-sharoit yaratishdan iborat bo‘ldi.

Sayohat ishtirokchilari orasida Sarosiyo voqealarida jangda halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning ota-onalari ham bor edi. Ular “G‘alaba bog‘i” majmuasi bo‘ylab ekskursiya davomida farzandlari xotirasiga hurmat-ehtirom ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ldilar. Ishtirokchilar majmuada joylashgan tarixiy eksponatlar bilan tanishib, mard ajdodlarimiz va zamonaviy harbiy xizmatchilarning jasorati haqida yanada chuqurroq ma’lumot oldilar.

– Bunday ma’rifiy sayohatlar yoshlarni Vatanga muhabbat, harbiy xizmatga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega, – deydi harbiy qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Matyoqub Nazarov. –  Shu bois ushbu tadbirda men ham oila a’zolarim bilan ishtirok etdim. Eng muhimi, “G‘alaba bog‘i”ga uyushtirilgan sayohat nafaqat mening oilamda, balki boshqa harbiy xizmatchilarning oila a’zolarida ham katta taassurot qoldirdi. Bunday ma’rifiy tadbirlar nafaqat ma’lumot berish, balki oilaviy va jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri