Insoniyat tarixi, bu – beayov urushlar tarixi. Qadimshunos, tarixchilar buni birdek e’tirof etib kelishadi. Nega endi urushlar tarixi?..
«Olamning yaralishi va payg‘ambarlar tarixi» kitobida Odamning zuvalasiga 39 yil qayg‘u, bir yil sevinch yomg‘iri yoqqanligi, shu bois odam bolalarining aksar umri tashvish, oromsizlikda o‘tishi, bu narsaga odam bolalari tabiiy jarayondek qarashiga ishoralar bor.
Tarixchilarning ta’kidlashicha, so‘nggi 5,5 ming yil mobaynida odamzod bor-yo‘g‘i 300 yilgina nisbatan xotirjam, tinch yashagan. Bu degani, yer yuzida har yuz yilda bir haftagina urush ovozi o‘chgan, xolos. Insoniyat tarixida 15 mingdan ortiq urush bo‘lib o‘tgani va unda 3,5 milliard odam hayot bilan vidolashgani ertak emas, haqiqat...
Akademik Akmal Saidovning «G‘alaba bog‘i falsafasi» kitobi ana shu ko‘p ming sonli urushlar tarixidagi eng ko‘p inson umriga zomin bo‘lgan XX asr fojiasi – Ikkinchi jahon urushida haqida, unda ishtirok etgan O‘zbekiston va o‘zbekistonliklar haqida...
Yana bir gap. 1939 yilning 1 sentyabrida boshlanib, 1945 yilning 2 sentyabriga qadar davom etgan etgan bu urush o‘zaro nizolar tarixidagi yadro quroli qo‘llanilgan yagona harbiy to‘qnashuv bo‘lganligi bilan ham kishini hayratga soladi.
Ikkinchi jahon urushi insoniyatning ulkan fojiasi bo‘lishi bilan birga, odam bolasining har lahza, har dam hushyorlikka chorlab turguvchi ogohlik qo‘ng‘irog‘i – ibrat, saboq hamdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqimiz o‘tmishiga jiddiy e’tibor qaratishi, hurmat ko‘rsatishi kishini quvontiradi. Xabaringiz bor, aynan davlat rahbarining 2019 yil 23 oktyabrdagi qabul qilingan «Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligini munosib nishonlash to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, mamlakatimiz poytaxti – Toshkent shahrida «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasi bunyod etildi. Har biri alohida-alohida – «Matonat madhiyasi», «Mangu jasorat», «Ko‘z yoshi» deya nomlangan monumentlar va «Shon-sharaf» davlat muzeyini o‘zida jamlagan bu katta bog‘ tom ma’noda urush ziyoratgohiga aylandi. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, «Bu betakror majmua qahramon xalqimizga munosib bo‘lib, ham me’moriy jihatdan, ham tarixiy-ma’naviy jihatdan g‘oyat noyob va mahobatli obida bo‘lib qad rostladi».
Akademik Akmal Saidovning ushbu kitobi sizni beixtiyor «G‘alaba bog‘i» sari g‘oyibona yetaklaydi. Kitob sahifalarini bir-bir varaqlab, Bog‘ haqida aniq bir tasavvurlarga ega bo‘la boshlaysiz. Kitobda keltirilgan tarixiy dalil, haqiqatlarni o‘qib, Ikkinchi jahon urushi fojiasi ko‘lami va xalqimiz ko‘rsatgan qahramonliklarni ko‘rib, shu yurtda yashayotganingizdan, shu elning bir farzandi ekanligingizdan qalbingizda faxrlanish hissini tuya boshlaysiz.
Kitob muallifining asl maqsadi ham aslida shu...
A.Narzulloyev, O‘zA