Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘afur G‘ulom she’riyatining badiiy qiyofasi
17:22 / 2023-05-13

Harqanday ijodkorga xolisonabahoni xalq beradi, xalq esa uniijodi orqali taniydi, o‘zini ko‘rmasa-da, asarlari orqali shoir yokiadibning badiiy qiyofasini shuuridagavdalantira oladi. Bunda vaqt atalmish “yerdan osmongaqarab oqadigandaryo” millat qalbidan chuqurjoy olgan asliste’dodlarnigina o‘z oqimiga bo‘ysundira olmaydi, aniqrog‘i, xalqning ong-u shuuridan o‘chirolmaydi. Shuning uchun ham, haqiqiyshoirlar ulkan saroylarning minbaridan, qalin-qalin kitoblar-ujaridalardan emas, avvalo, millat, xalq, bashariyat qalbidan o‘rin oladi. Muhammad Yusuf tabiri bilan aytganda, “Yurakka ko‘milar asl shoirlar”. Ular qoldirgan nodir ijod mahsullarini esa  ajdodlar avlodlarga ma’naviy mulk yang‘lig‘ meros qoldiraveradi.  Mana shunday ijodkorlardan biri G‘afur G‘ulom bo‘lib, u “Vaqt” she’ri orqali “Lahzaga haykal qo‘ygan shoir”, “Sog‘inish”she’ri bilan “O‘zbek otasi musavviri”, “Sen yetim emassan”she’ri uchun “O‘zbekning bolajon shoiri” kabi tasviriy ifodali nomlar bilan xalqimiz qalbining tub-tubidan barqaror o‘rin olgan.

Akademik shoir G‘afur G‘ulom epik turning hikoya va qissa janrlarida barkali ijod qilgan bo‘lsa, lirik turda   erkin va barmoq vaznidagi “universal lirika”ga mansub she’rlari, doston(lar)i, aruz vaznidagi g‘azal, muxammas va masnaviylari bilan o‘z davrida dovruq tutdi.  Shuningdek, xassos shoirdan bir qator ilmiy va o‘tkir publitsistik ruhdagi maqolalar, donishmand xalqimizga xos hikmatga yo‘g‘rilgan aforizmlar, satira va yumorga boy hajviygo‘y latifalar ma’naviy mulk sifatida meros qolgan. G‘afur G‘ulom “Yondaftardan” nomli hikmatlaridan birida: “Zarraning taqdiri – Quyoshdan eskiroqdir”, - deydi. Zotan, shoir asarlaridagi eng kichik ma’no-mazmun ham qadimiy turk elatining uzoq o‘tmishi bilan tutashadi. Asarlaridagi aruziy ohangli g‘azal, muxammas, masnaviylar, badiiy tafakkur, timsol va tasvirdagi navoiyona qarashlar, yarq etib ko‘zga tashlanuvchi folklorizm unsurlari shoir ijodining potik ildizi ko‘p ming yillik tarixga ega mumtoz adabiyotimiz va xalq og‘zaki ijodiyoti bilan tutashishini isbotlab turadi. Binobarin, G‘afur G‘ulomni elga mashhur qilgan “Shum bola” qissasidagi bosh qahramon - Qoravoyning Sariboy bolisni mot qilishida ishlatgan “yolg‘on”idan anglashiladiki, ijodkor bu asarida ko‘hna Sharqning “Uch yolg‘ondan qirq yolg‘on” nomli ertagidan badiiy oziqlantiruvchi manba sifatida unumli foydalangan. Shu bilan birga, shoir asarlaridagi yengil yumorda, latifa va hikoyalarida ketma-ket uchraydigan Nasriddin afandi timsolida ham folklorizm elementlari butun bo‘y-basti bilan namoyon bo‘lgan.

G‘afur G‘ulom tomonidan Navoiy asarlarining nasriy bayoni yaratilishi, o‘z asarlaridagi timsol, tasvir va talqindagi izdoshlik, mumtoz ohanglar uyg‘unligida ulug‘ siymoga e’tirof va e’tiborni sezish qiyin emas. 

Ma’lumki, XX asr muqaddimasi o‘zbek she’riatida zamon ehtiyoji yang‘lig‘  barmoq vazni “qayta tirildi”,  johon adabiyoti tasirida erkin vaznli she’rlarga keng yo‘l berildi. Vazn evolyutsiyasi she’riy janrlar va shakllar rang-barangligini keltirib chiqardi. Provard natijada aruz vaznidagi asarlar salmog‘i keskin kamaya bordi. Bu vaznga eskilik “sarqiti” deya qarashlar  ham bo‘ldi. Biroq o‘z davrining nuktadon ijodkorlari bo‘lmish G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va Jamol Kamol kabi ulug‘ shoirlar aruz vaznini qayta badiiy iste’molga kirib, mumtoz janrlar barhayotligini saqlab qoldi, o‘zbek she’riyatining milliy qiyofasini nafaqat janriy, balki umumg‘oyaviy jihatdan asl ildiziga tutashtira oldi. Bu, so‘zsiz, ijodkor shaxsiyatidagi ma’naviy jasorat belgisidir. 

Davr mafkurasining zalvorli yuki natijasida G‘afur G‘ulom lirikasida mumtoz janrlarga murojaat nisbatan kam uchrasa-da,   asarlarining badiiy quvvati mumtoz tarovat kasb etadiki, bunda shoir ulug‘ Navoiyga bo‘lgan ehtiromini ishq, Vatan, inson va uning qahramonliklari tasviri negiziga singdira olgan. “Alisher” nomli she’rida Alisher Navoiyni nafaqat Sharq, balki butun bashariyat farzandi, qudratli qalam sohibi, insonparvarlik, mehr-u vafo kuychisi, deya tasvirlab, unga “erk-u baxt timlosi” degan sifatni qo‘llaydiki, bu misra bugungi kunda turg‘un birikma - tasviriy ifodaga aylanib ulgurdi:

          Daraxshon yulduzlar sari o‘kirgan,

          Bo‘ynida zanjir-u, qalbi ozod sher.

          Insoniy muhabbat mehri-la vafo,

          Erk-u baxt timsoli - ulug‘ Alisher.

She’rning har bir satrida Navoiyga bo‘lgan muhabbat tafti, undan faxrlanish hissi, mumtoz siymoga bo‘lgan ehtirom harorati yaqqol sezilib turadi. Hatto o‘z erkidan ayrilgan xalqning fuqarolari shonli tarixi, buyuk qahramonlari, ardoqli ajdodlaridan mustabid pardasi bilan to‘sib qo‘yilgan bir davrda: “Oshiqlar g‘azalin kuyga solganda,  Ma’shuqlar dilining xonasi obod”, - deya Nizomiddin Mir Alisher Navoiy haqida baralla ayta oladi. Ulug‘ shoir asarlari sho‘ro davrida ham milliy o‘zlikka chorlashi, haqiqiy sharqona muhabbat tajassumini ifoda etishi, “Ma’shuqalar dilini obod etishi”ni badiiy etikaga sodiq holda e’tirof etadi. Ko‘rinadiki, ushbu she’r mumtoz adabiyotimizning aruz vaznigacha yozilgan asarlari kabi to‘rtlik shaklida b - a – d – a qofiyalanish siztemasi asosida barmoq vazni bilan yozilgan. 

 “Janr deyilganda adabiy asarlarning bir tur doirasidagi tarixan shakllanuvchi, o‘zining nisbatan barqaror poetik strukturasiga ega tipi tushuniladi.”[4.366]. Xususan, lirik turdagi har bir janr nimani qanday kuylashi nuqtayi nazaridan o‘z poetik mezonlariga ega. Bunda janrning nisbatan turg‘un shakliy qobig‘i mazmunni ifodalovchi vosita vazifasini o‘taydi. Shu bois undagi barqaror belgilarni buzish jiddiy qusr emasdek tuyuladi, ammo har bir shakliy ifoda o‘ziga xos milliy-tarixiy qadriyatlarni o‘zida aks ettiradi. Masalan, g‘azalning matla’si, maqta’si, begona bayti, qofiyalanish strukturasi, hajmi, vazni, doimiy obraz(oshiq, ma’shuqa va raqib uchligi)lar silsilasi kabilar muayyan milliylikni namoyon etadi. Ulardagi doimiy poetik kategoriyalardan chetga chiqish janr qonuniyatidan og‘ish, undagi mumtoz jozibadorlikka putur yetkazish demakdir. 

G‘afur G‘ulomning mumtoz poetik janrdagi asarlari o‘rganilganda ulardagi badiiy qonuniyatlar o‘z o‘rnida saqlanib, ifoda qobig‘i, shakliy birliklari va tasviriy usul xususiyatlari  klassik an’anaviyliklarni to‘la saqlaganligini ko‘rish mumkin. Bu borada, ayniqsa, shoirning “so‘rang” radifli g‘azali diqqatga sazovor:

Dildagi sevgu jilosini jamolidan so‘rang,

Uydagi har ma’rifat nurin kamolidan so‘rang.

 

Bog‘imizda yuz tuman rang oftob ko‘zgusidek,

Bu chiroy mazmunini ruxsori olidan so‘rang.

 

Baxt-u iqbol-u sharafning chashmasi mehnatdadir,

Zahmatim qadrin tamannosiz visolidan so‘rang.

 

Yersizin yashnab ko‘karmas bog‘aro hech bir nihol,

Ona bag‘rin lazzatin erka g‘izolidan so‘rang.

 

Bog‘bon qilsin hikoyat gulparastlar ishqidin,

Bolarilarning hujmin g‘uncha holidan so‘rang.

 

Jambul-u rayhon hidi ko‘ngilni ko‘klam qilganin,

Bir tutam qiz sochidek tongning shamolidan so‘rang,

 

O‘zaro eldin nihon hech sirimiz yo‘q qirq bahor,

Qo‘sh vafo sirrin G‘afur mirzo maqolidan so‘rang.

G‘azal sharqona ruhda bo‘lib, ko‘pincha uchraydigan yetti baytdan iborat, ishqiy mavzuda, vazni - ramali musammani mahzuf (maqsur), afoili - foilotun, foilotun, foilotun, foilun (foilon), taqte’si  - v - - / - v - - / - v - - / - v - (- v ~) ko‘rinishda. Qofiya o‘rnida kelgan jamol, kamol, ol, visol, g‘izol, hol, shamol, maqol kalimalari o‘ziga xos musiqiy tarovat, ohang ustivorligini ta’minlaganki, natijada she’r yengil xalqona ohang hosil qilgan. Qofiyadagi  undoshi raviy vazifasini bajarib, so‘zlarning tirgak tovush orqali bog‘lanishini yuzaga keltirgan. Raviydan keyin takrorlanayotgan vositali vasl (-idan) qofiyaning mutla’q turini yuzaga keltirgan. Radif vazifasida kelgan “so‘rang” fe’li to‘g‘ridan to‘g‘ri II shaxs - tinglovchi(bu o‘rinda she’rxon yoki kitobxon)ga murojaat ohangida ekanligi lirik qahramon kechinmasining psixologik sintezlashuvini jadallashtirgan. Bu poetik strukturalar shuni ko‘rsatadiki, g‘azal o‘zida mumutoz badiiy an’analarni shakliy jihatdan to‘la namoyon eta olgan.  G‘afur G‘ulom bu asari orqali nafaqat turkiy lirikaning oltin toji sanalgan g‘azalni, mumtoz ohangdorlikka ega aruz vaznini qayta badiiy iste’molga olib kirgan, balki ruxsori ol, tuman,  tamanno, g‘izol, nihon kabi so‘z va izofali birikmalarning o‘zbek tili leksikasida qayta tirilishiga ham sababchi bo‘lgan, desak, mubolag‘a hisoblanmaydi. G‘azaldagi barcha badiiy tasvir vositalarni bittalab sharhlash shartmas, nazarimda, ammo “tongning shamoli bir tutam qiz sochi” ga mengzalishi erkin o‘xshatishni hosil qilganki, bunda ajib badiiy jozibadorlik bo‘y ko‘rsatgan, inson ongida muayyan o‘lchamdagi yorqin xayoliy manzarani, tasvirni gavdalantira olgan.

Xullas, akademik shoir G‘afur Gulom lirikasidagi vazniy, janriy rang-baranglik bosh g‘oya va mazmunni yetkazib beruvchi badiiy qobiq vazifasini o‘tagan. Shoir asarlaridagi sharqona donishmandlik, haqiqatga sadoqat, xolqona yengil ritm va ohang, hajviy manzaradan anglashilib turuvchi badiiy qiyofani o‘zida aks ettirgan.

 

Komil Abdikarimovich QARSHIYEV

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand

davlat universiteti akademik litseyi 

o‘qituvchisi

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori