Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gabala sammiti: Turkiy davlatlar hamkorligida yangi davr
17:51 / 2025-10-08

Munosabat

So‘nggi yillarda mintaqaviy va xalqaro miqyosda turkiy davlatlar o‘rtasidagi aloqalar yangi, mustahkam va strategik bosqichga ko‘tarilmoqda. Bunga Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) doirasida olib borilayotgan siyosiy, iqtisodiy, madaniy va gumanitar hamkorlikning izchil taraqqiyoti yaqqol misoldir. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonning Gabala shahrida “Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik” mavzusida bo‘lib o‘tgan sammitdagi nutqi ana shu yo‘nalishdagi ishlarga yangi sur’at, mazmun va strategik ruh bag‘ishladi.

Jumladan, Prezidentimiz o‘z nutqi avvalida dunyodagi mavjud murakkab geosiyosiy vaziyatga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, tinchlik, xavfsizlik va adolat singari umuminsoniy qadriyatlar jiddiy sinovlar qarshisida turibdi. G‘azo sektoridagi fojia, Ukrainadagi urush, Afg‘oniston muammosi va boshqa nizolar nafaqat xalqlar hayotini izdan chiqarmoqda, balki turkiy davlatlarning xavfsizligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu nuqtai nazardan, Turkiy davlatlar hamjihatlikda xavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash, ekstremizm va radikalizmning oldini olish, tashqi siyosatda muvofiqlashgan yondashuvlarni ishlab chiqishi zarurligi ta’kidlandi. 

Shu bilan birga, davlatimiz rahbari Turkiy davlatlar tashkilotining qisqa vaqt ichida nufuzli xalqaro tuzilmaga aylanganini alohida qayd etdi. Davlatlar o‘rtasidagi siyosiy ishonchning mustahkamlanishi, savdo-iqtisodiy hamkorlikning kengayishi, gumanitar aloqalarning jadallashuvi bular TDT faoliyatidagi katta yutuqlardir.

Bu jarayonni institutsional asosda mustahkamlash uchun Prezident strategik muhim shartnomalar, xususan, Strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash taklifini ilgari surdi. Shuningdek, 2030 yilgacha mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasi va aniq “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishi taklif etildi. Bu tashkilot faoliyatini tizimlashtirish va uning amaliyotdagi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Prezidentning nutqidagi eng muhim yo‘nalishlardan yana biri iqtisodiy hamkorlikka bag‘ishlandi. Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini yaratish, savdo va investitsiya muhitini yaxshilash, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish kabi tashabbuslar hammasi iqtisodiy rivojlanishni targ‘ib qilishga qaratilgan. Turkiy davlatlar iqtisodiy kengashini tuzish, uning loyiha ofisini Toshkentda joylashtirish, Sanoat alyansi, “Turkiy yashil yo‘laklar” tizimini joriy qilish, yashil energetika va transformatsiya konsorsiumi tuzish takliflarini berdi. Ushbu tashabbuslar turkiy davlatlar sanoati va energetikasida uzviy integratsiyani kuchaytirishga xizmat qiladi.

Ayniqsa, “xomashyo – qayta ishlash – ilm-fan – mahsulot” zanjiri asosidagi hamkorlik modelini joriy etish g‘oyasi strategik yondashuv sifatida alohida e’tiborga loyiq.

Hech kimga sir emas, bugungi globallashuv jarayonlarida oziq-ovqat xavfsizligi va organik mahsulotlar ishlab chiqarish barcha mintaqa va davlatlar uchun ustuvor yo‘nalish sanaladi. Prezidentimiz o‘z nutqida organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sohasida turkiy davlatlar dunyo yetakchilariga aylanishi mumkinligini ta’kidlab, bugungi kundagi 225 milliard dollarlik jahon organik bozorida hamkorlikdagi ishtirok har bir davlat uchun katta iqtisodiy va strategik ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shu bois, yagona “Turkiy brend” ostida mahsulotlarni jahon bozoriga chiqarish kabi amaliy takliflar berildi.

Ushbu tashabbusning uzviy davomi bo‘lgan o‘rta koridorni rivojlantirish tashabbusi Xitoydan Yevropa bozorlarigacha cho‘ziluvchi eng muhim transport yo‘lagidir. Prezident bu yo‘lakni raqobatbardosh, samarali va raqamlashtirilgan tizimga aylantirish kerakligini alohida ta’kidladi. Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li, Transafg‘on yo‘lagi bilan bog‘lash orqali bu koridorning ahamiyati yanada ortadi. Bu tashabbus nafaqat logistika imkoniyatlarini kengaytiradi, balki turkiy davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy integratsiyani kuchaytiradi.

Yoshlar orasida radikal mafkuralar tarqalishining oldini olish, islomofobiyaga qarshi kurash, ekologik bilimlarni kengaytirish bular zamonaviy tahdidlarga qarshi ma’rifat bilan kurashishni talab etadi. Shu bois, Prezidentimiz “Jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyili asosida bir qator takliflar bilan chiqdi. Ayniqsa, Alisher Navoiy va Nizomiy Ganjaviyning yubileylari munosabati bilan xalqaro konferensiya o‘tkazish taklifi turkiy ma’naviy birlik va umuminsoniy qadriyatlarni ulug‘lashga qaratilgan muhim qadamdir.

Umuman olganda davlat rahbarining Gabala sammitdagi nutqini nafaqat O‘zbekistonning, balki butun turkiy dunyoning yaqin istiqboldagi taraqqiyot yo‘nalishlarini belgilab beradigan keng qamrovli siyosiy dastur deyish mumkin. Unda xalqaro vaziyatga real baho, xavfsizlik sohasidagi tahdidlarga nisbatan aniq yechimlar, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish, ta’lim, fan, madaniyat va yoshlar siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlar aniq belgilangan.

E’tiborlisi, bu nutqda bildirilgan takliflar so‘zda emas, amaldagi hamkorlikni, faqat siyosiy bayonotlar emas, balki qo‘shma loyihalar orqali amalga oshadigan turkiy birlikni shakllantirishga qaratilgandir. Xususan, iqtisodiy hamkorlikni institutsionallashtirish, transport koridorlarini rivojlantirish, yangi texnologiyalar va “yashil” iqtisodiyot sohalaridagi integratsiya tashabbuslari kelgusida TDTni dunyo miqyosida ta’sirli geoiqtisodiy markazga aylantirish imkonini beradi.

Shu bilan birga, ma’naviy yaqinlik, ma’rifat va ilm-fan orqali turkiy xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga ham davlat rahbari o‘z ma’ruzasida alohida e’tibor qaratdi. Bu esa jaholat, ekstremizm va madaniy parokandalikka qarshi ma’rifat bilan kurashishning eng samarali yo‘lidir.

Xulosa qilib aytganda, Gabala sammitida ilgari surilgan g‘oyalar va qabul qilingan qarorlar nafaqat Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatini yangi bosqichga olib chiqadi, balki jahon hamjamiyati uchun ham teng huquqli, manfaatdor va hamjihat hamkor sifatida turkiy mamlakatlarning o‘rnini mustahkamlaydi.

Muharram DADAXO‘JAEVA,

Yunsobod tumanidagi 50-oilaviy poliklinika mudiri,

“Adolat” SDP Toshkent shahar Kengashi raisi.

O‘zA