Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gabala sammiti: Turkiy birlikning yangi tarixi boshlandi
15:12 / 2025-10-08

Munosabat

Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti o‘tkazilgan Ozarbayjonning  Gabala shahri nafaqat geografik, balki ma’naviy-mafkuraviy markaz sifatida ham alohida ahamiyat kasb etdi. Ayniqsa, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bu anjumandagi nutqi butun turkiy olam uchun strategik tamoyillar va kelajak konsepsiyasini belgilab berdi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 2030 yilgacha rivojlanish strategiyasi – Turkiy dunyo uchun yagona “yo‘l xaritasi”dir. U xavfsizlikdan tortib iqtisodiyot, ta’lim, transport va ekologik hamkorlikkacha bo‘lgan barcha muhim sohalarni qamrab olgan.

Samarqandda tashkil etilgan tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlar rahbarlarining qo‘shma yig‘ilishi bu yo‘nalishdagi muhim amaliy qadamlardan biri bo‘ldi.

Ayniqsa, iqtisodiy sheriklikni mustahkamlash maqsadida Turkiy davlatlar Doimiy iqtisodiy kengashini tuzish va uning loyiha ofisini Toshkentda joylashtirish taklifi e’tiborga loyiqdir. Bu tashabbus O‘zbekistonning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarda yetakchi kuchga, ya’ni harakat va o‘sishga turtki beruvchi markazga aylanayotganini ko‘rsatadi. Bunday maqom mamlakatning mintaqaviy siyosiy-iqtisodiy ta’sirini yanada oshiradi. Shu bilan birga, “Yashil yo‘laklar” tizimi va “yashil transformatsiya” konsorsiumi haqidagi g‘oyalar ekologik barqarorlik va texnologik yangilanishga qaratilgan rejalarning asosiy qismiga aylanmoqda.

Turkiy davlatlar o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirishda transport loyihalari alohida o‘rin tutadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li hamda Transafg‘on yo‘lagini O‘rta koridorga bog‘lash tashabbusi – Yevroosiyo logistika xaritasini yangilashda hal qiluvchi qadam bo‘lishi mumkin. Bu nafaqat yuklar, balki xalqlar, madaniyatlar va bozorlar orasidagi yaqinlikni ta’minlaydi.

Sammitdagi eng innovatsion g‘oyalardan biri – Turkiy davlatlar xalqaro universitetini tashkil etish taklifidir. Ushbu ta’lim muassasasi turkiy yoshlarni ilmiy hamkorlik va intellektual rivojlanish maydonida birlashtiradi. Bu universitet an’ana va innovatsiyani uyg‘unlashtirgan holda umumturkiy intellektual ekotizimni yaratishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar sohasida “yo‘l xaritasi” loyihasi ham zamonaviy dunyoga yuzlangan ta’lim tizimi uchun muhim qadam hisoblanadi. Bu tashabbus turkiy universitetlarni raqobatbardosh va global miqyosda ilg‘or mavqega chiqarish imkonini beradi.

Davlatimiz rahbarining 2026 yilda “Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi – Turkiy dunyo ma’naviy hayotida” deya nomlangan mavzuda xalqaro konferensiya o‘tkazish taklifi esa turkiy xalqlarning ma’naviy uyg‘onishi sari tashlangan qadamdir. Bu tashabbus faqat o‘tmishni yodga olish emas, balki kelajakni ma’naviyat, bag‘rikenglik va umumiy qadriyatlar asosida qurishga chaqiruvdir.

Gabala sammitida yangragan har bir taklif – bu shunchaki bayonot emas, balki yangi tarixning qomusidir. Turkiy dunyo o‘zining qadimiy ildizlari va umumiy ruhiga tayana turib, XXI asrda yangi sivilizatsiya markaziga aylanmoqda. Prezidentimiz g‘oyalari esa bu jarayonda strategik yo‘nalish belgilayotgan, birdamlik poydevorini mustahkamlayotgan va umumiy kelajak sari yo‘l ko‘rsatayotgan tamsilga aylanmoqda.

Eng muhimi, bu chaqiruv har bir turkiy millat farzandi uchun kimligini anglash, tarixiy mas’uliyatni his etish va buyuk kelajakni birgalikda qurish yo‘lidagi yo‘llanmadir.

Maqsudjon Yuldashev,

Jizzax davlat pedagogika

universiteti rektori, professor

O‘zA