Kanadaning Ontario muzofotida G7 davlatlari tashqi ishlar vazirlarining ikki kunlik uchrashuvi boshlandi. Majlisda Rossiya - Ukraina urushi, Donald Trampning G‘azo bo‘yicha sulh rejasi, mudofaa xarajati va savdo mojarosi kabi masalalar muhokama qilinmoqda.
Mezbon mamlakat tashqi ishlar vaziri Anita Anand AQSH davlat kotibi Marko Rubio hamda Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya va Yaponiyadan kelgan hamkasblarini qarshi oldi. Anjumanga Yevropa Ittifoqi tashqi siyosati rahbari Kaya Kallas, Ukraina, Braziliya, Saudiya Arabistoni, Hindiston, Janubiy Koreya va Meksika vakillari ham taklif qilingan.
Rubio ijtimoiy tarmoqda shunday deb yozdi: Bizning asosiy maqsadimiz – amerikaliklar xavfsizligi va manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yish!
Ma’lumki, so‘nggi yillarda AQSHning, jumladan, Kanada bilan ham boj siyosati va mudofaa xarajati yuzasidan ziddiyati kuchaygan. Amerika ushbu qo‘shni davlatdan importga qo‘shimcha soliq joriy etishi, qolaversa Ontario Vashingtonning akslil tarif targ‘ibotiga noroziligi muzokaralarga soya solgan.
Bundan tashqari Trampning G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasi ham G7 doirasida turlicha munosabatga sabab bo‘lyapti. Kanada va Yevropa davlatlari Falastinni tan olish masalasida AQSHdan farqli pozitsiyada turibdi.
Ukraina bilan bog‘liq masalada ham mazkur tuzilma a’zolari Putinga nisbatan keskinroq siyosat yuritish tarafdori. Britaniya va Kanada Rossiya hujumi yana kuchaygani bois, Kiyevga energiya infratuzilmasini tiklash uchun yangi yordam yig‘imi ajratilishini bildirdi.
Tramp esa NATO ittifoqchilari, xususan Kanada va Italiyadan mudofaa xarajatini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga ko‘tarishni talab qilmoqda. Ayni taklif G7 miqyocidagi eng bahsli masalalardan biri bo‘lib turibdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA