Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G20 yetakchilari Nyu-Dehli sammiti yakuniy deklaratsiyasini imzoladilar
23:00 / 2023-09-09

Hindiston poytaxti Nyu-Dehlida tashkil etilgan G20 mamlakatlari rahbarlari ishtirokidagi navbatdagi sammit nihoyasida maxsus deklaratsiya qabul qilindi.

Ushbu hujjatda Rossiya va Ukraina o‘rtasida davom etayotgan nizo fonida yadro qurolidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlangan.

“BMT Nizomiga muvofiq, barcha davlatlar har qanday mamlakatning hududiy yaxlitligi, suvereniteti yoki siyosiy mustaqilligiga qarshi, muayyan hududni egallashga qaratilgan harakatdan, shuningdek yadro qurolidan foydalanishga erishish uchun tahdid va kuch ishlatishdan tiyilishi kerak”, – deyiladi hujjatda.

Shu bilan birga deklaratsiyada rivojlanayotgan va kam rivojlangan mamlakatlar BMT Barqaror rivojlanish maqsadiga erishish yo‘lidagi taraqqiyotga to‘sqinlik qilayotgan pandemiya va iqtisodiy zarbalar ta’siridan tiklanish uchun hanuz kurashayotgani, bu holat yuzasidan turli fikr, baholar mavjudligi qayd etilgan.

Hujjatda Turkiyaning g‘alla bitimi bo‘yicha harakatiga ham e’tibor qaratilgan:

– Biz Turkiya va BMT vositachiligida Rossiya oziq-ovqat mahsulotlari va o‘g‘itini jahon bozoriga chiqarish bo‘yicha Istanbul kelishuviga erishishga qaratilgan sa’y-harakatni yuqori baholaymiz.

Deklaratsiya Rossiya va Ukrainadan g‘alla, oziq-ovqat va o‘g‘itni zudlik bilan va to‘siqsiz eksport qilishga chaqiradi. Bu rivojlanayotgan va kam rivojlangan mamlakatlar, asosan Afrika talabini qondirish uchun zarur.

Yakuniy hujjatda a’zo davlatlar moliya vazirlari va markaziy bank rahbarlari kriptovalyuta yo‘l xaritasini 2023 yil oktabr oyida muhokama qilishlari ham qayd etilgan:

– Biz G20 Moliyaviy barqarorlik kengashining kriptovalyuta aktivlarini tartibga solish, nazorat va monitoring qilish bo‘yicha yuqori darajadagi tavsiyalarini ma’qullaymiz.

Bundan tashqari deklaratsiya rivojlanayotgan mamlakatlar 2030 yilgacha emissiya bo‘yicha maqsadlariga erishishi uchun 5,8-5,9 trillion dollar kerakligi ta’kidlangan.

Kuchli yigirmalik yetakchilari sammiti har yili bir marta turli mamlakatlarda o‘tkaziladi. Bu yil tadbir Hindistonda “Bir yer, bir oila, bir kelajak” shiori ostida o‘n sakkizinchi bor o‘tkazildi. Tadbirning asosiy mavzusi “Inklyuziv va barqaror dunyo” deb nomlanib, Hindiston birinchi marta forumga mezbonlik qildi.

O‘zA