Yakunlangan haftada butun dunyo e’tibor markazida bo‘lgan yana bir yirik sammit bo‘lib o‘tdi. 22-23 noyabr kunlari Janubiy Afrikaning Yoxannesburg shahrida G20 davlatlari yetakchilari sammitida iqlimni moliyalashtirish, qarzlarni yengillashtirish mexanizmlarini kuchaytirish va mahalliy iqtisodiyotlarda muhim minerallar qiymatini saqlab qolish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Mazkur sammitning eng muhim voqealaridan biri – Qo‘shma Shtatlar rahbari Donald Tramp anjumanda ishtirok etmadi va AQSH delegatsiyasining e’tirozlariga qaramay, yetakchilar tomonidan Yoxannesburg deklaratsiyasi qabul qilindi.

– Mazkur sammit deklaratsiyasi shunchaki so‘z emas, bu butun dunyo bo‘ylab odamlar hayotini yaxshilaydigan aniq harakatlarga sodiqlikdir, -dedi Janubiy Afrika prezidenti Siril Ramafosa.

Yakuniy deklaratsiya global mojarolarga barham berish, iqlimni moliyalashtirishni ko‘paytirish va Afrikaning rivojlanish ustuvorliklarini global kun tartibining markaziga qo‘yish zarurligini ta’kidlaydi.

Shuningdek, deklaratsiya Falastinning boshqa mojarolar bilan bir xil kontekstda birinchi marta tilga olinishini bildiradi va Parij kelishuvi maqsadlari hamda rivojlanayotgan mamlakatlar uchun iqlim o‘zgarishiga trillionlab mablag‘ ajratilishi zarurligini yana bir bor tasdiqlaydi.
G20 yetakchilari sammitida raislikni AQSHga topshirish an’anaviy marosimi bo‘lib o‘tmadi.
Go‘zal Sattorova,
O‘zA