G‘urur va iftixorimiz asosi
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha subyektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor milliy iqtisodiyotimizni yanada yuksaltirish, yurt obodligi va aholi farovonligini ta’minlashda yuksak samaralar bermoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha subyektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor milliy iqtisodiyotimizni yanada yuksaltirish, yurt obodligi va aholi farovonligini ta’minlashda yuksak samaralar bermoqda.
Mamlakatimizdagi bugungi tinch va osuda hayot, to‘kin va farovon turmush o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Bular Prezidentimiz rahnamoligida inson manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor, bunyodkor xalqimizning olijanob maqsadlar yo‘lidagi intilish va izlanishlari samarasidir.
Prezidentimizning shu yil 17-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy, targ‘ibot-tashviqot tadbirlarida aholi, ayniqsa, yoshlarga ozod va farovon hayotning mazmun-mohiyatini yanada teran anglatishga alohida ahamiyat berilayotganida chuqur ma’no bor. Bunday ulug‘vor ishlar samarasini bir paytlar qoloq bo‘lgan va faqat xomashyo yetkazishga ixtisoslashtirilgan Surxondaryo viloyati iqtisodiyotida yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Azaldan ilm-fan, madaniyat, savdo, dehqonchilik va chorvachilik, me’morchilik va hunarmandlik rivojlangan hudud bo‘lgan Surxon vohasi ma’muriy-buyruqbozlik tizimiga asoslangan mustabid tuzum davrida taraqqiyotdan ortda qolgandi. Hudud iqtisodiyotining asosini paxtachilik va paxtaga dastlabki ishlov berish tashkil etardi. Mashaqqatli mehnat qilgan bo‘lsa-da dehqonning ham, ishchining ham kosasi oqarmadi.
– Qishlog‘imizda yagona bo‘lgan ko‘rimsizgina do‘konga qand-qurs, turli konservalar, muzlatilgan baliq kabi oziq-ovqat mahsulotlari ham chetdan keltirilar edi, – deydi uzunlik tadbirkor Qurbon Shukurov. – Biror noyob oziq-ovqat mahsuloti yoki o‘zimizda yetishtirilgan paxta qayta ishlanib, tayyor matosi adashib kelib qolsa bormi, navbatda turuvchilarning oxiri ko‘rinmasdi. Shunda ham oziq-ovqat yoki boshqa xalq iste’moli mollariga muddati o‘tgan sifatsiz tovarlar qo‘shib sotilar edi. Hozir bu gaplarni yosh avlodga aytsangiz, ishonmaydi. Axir, bir qishloqda turli-tuman tovarlar bilan to‘lib turgan bir necha do‘kon bo‘lsa, qanday ishonsin?!
O‘zbekiston istiqlolning dastlabki yillaridanoq mustabid tuzumning ma’muriy-buyruqbozlikka asoslangan yakka mafkuraviy siyosatidan butunlay voz kechib, xususiy mulkchilikka asoslangan erkin bozor iqtisodiyotini tanladi. Davlatimiz rahbarining 1991-yil 29-noyabrdagi “Respublikada dehqon (fermer) xo‘jaliklarini yanada mustahkamlash va tadbirkorlik faoliyatini davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘ldi.
Mazkur farmon endigina mustaqil bo‘lgan O‘zbekiston iqtisodiyotida yuzaga kelgan taqchilliklarni bartaraf etish, oziq-ovqat mahsulotlari, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish va aholiga xizmat ko‘rsatishni kengaytirish, bozor iqtisodiyotining xo‘jalik tarmoqlarini jadal shakllantirish, dehqon (fermer) xo‘jaliklarini yanada rivojlantirish va fuqarolarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi. Farmon asosida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilgani odamlarda mdamlarda mulkchilikning ma’muriy-buyruqbozlikdan xoli va yangi shakli – xususiy sektorga ishonch uyg‘otdi. Izlanishga, yangilik yaratishga, bozorni xalq ehtiyoji uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash va aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashga undadi.
Uzun tumanidagi “Mehroj tekstil” ulgurji savdo-ishlab chiqarish korxonasi rahbari Qurbon Shukurov ham xususiy biznesga qaratilayotgan e’tibordan quvvat olib, tadbirkorlikni tanladi. Avvaliga yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullandi, aholiga savdo xizmati ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ydi. Yirik shaharlardagi ulgurji savdo korxonalari bilan shartnoma tuzib, aholi ehtiyoji uchun zarur mahsulot va boshqa xalq ehtiyoji mollari savdosi bilan mashg‘ul bo‘ldi. Keyinchalik xususiy korxona tashkil etib, non va non mahsulotlari ishlab chiqardi, aholiga savdo xizmati ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirdi.
Prezidentimizning 1996-yil 8-avgustdagi “Tekshirishlarni tartibga solish va nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi hamda 1998-yil 19-noyabrdagi “Xo‘jalik yurituvchi subyektlarni tekshirishni tashkil qilishni tartibga solish to‘g‘risida”gi farmonlari, tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobi joriy etilgani xususiy mulk egalarining moliya-xo‘jalik faoliyatiga asossiz aralashuvlarga barham berdi. O‘zbekiston Respublikasining “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi va “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlari qabul qilinishi bilan o‘rta sinf – mulkdorlar qatlamining haq-huquq va erkinliklari yanada mustahkamlandi.
2011-yilning mamlakatimizda Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili, deb e’lon qilinishi munosabati bilan sohaga yana qator imtiyoz va pereferensiyalar berildi, ishlab chiqarilayotgan mahsulotga davlat buyurtmasi berish joriy qilindi. Tadbirkorlarning qonuniy manfaat va haq-huquqlarini himoya qilish, soliq yukini kamaytirish hamda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimi mustahkamlandi. Bu yoshlarning sohaga qiziqishini kuchaytirib, eksportbop yangi mahsulotlar ishlab chiqarish ko‘lami kengayishiga xizmat qilmoqda. Tadbirkorlarni davlat ruyxatidan o‘tkazish, bojxona to‘lovlari, moliyaviy va statistik hisobotlarni topshirish bosqichma-bosqich soddalashtirilayotir.
Sohaga ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik “Mehroj tekstil” savdo-ishlab chiqarish korxonasida import o‘rnini bosuvchi tayyor mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkonini berdi. Tijorat bankidan olingan imtiyozli kredit mablag‘i evaziga zamonaviy tikuvchilik uskunalari bilan jihozlangan mo‘jaz korxona barpo etildi. Hozir mazkur korxonada o‘ttizdan ortiq xotin-qiz mehnat qilmoqda. Uch gektar maydonda parvarishlanayotgan intensiv bog‘ tadbirkorning qo‘shimcha daromad manbaiga aylandi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yuzasidan ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik bir paytlar sanoqli sanoat korxonasiga ega bo‘lgan vohani sanoati jadal yuksalib borayotgan hududga aylantirmoqda. Viloyat iqtisodiyot bosh boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, 1992-yilgacha vohadagi birorta korxonada qandolat mahsulotlari tayyorlanmagan, endilikda yuzga yaqin arzon, sifatli va bir-biridan mazali mahsulot ishlab chiqarilayotir. Oziq-ovqat, yengil sanoat, qurilish materiallari, charm-poyabzal sanoati rivojlanmoqda. Xizmat ko‘rsatish yuksalib borayotir.
Ayni paytda viloyatda 10 ming 757 kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Ularning yetti yuz qirq oltitasi joriy yilda tashkil etilgan. Sohani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun 300 milliard so‘mdan ortiq kredit mablag‘i ajratildi. Natijada tadbirkorlik subyektlari shu yilning olti oyida 766,3 milliard so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarib, 671,6 milliard so‘mlik qurilish ishlarini bajardi. 506,4 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatildi. Chakana savdo aylanmasi 2 trillion 107 milliard so‘mni tashkil etdi. Viloyat hududiy ichki mahsulotida kichik biznesning ulushi 62,5, xizmatlarda 53,6 foizga yetdi. Viloyatdagi xususiy korxonalarda ishlab chiqarilayotgan ayrim mahsulotlar va xizmatlar eksport qilinayotgani ham jahonda “o‘zbek modeli” sifatida keng e’tirof etilayotgan milliy yuksalish stragegiyamiz samarasidir.
– Prezidentimizning shu yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni barcha tadbirkorlar qatori bizga ham yangi kuch bag‘ishladi, – deydi Qurbon aka. – Bundan ruhlanib, kelgusida mevani qayta ishlaydigan zamonaviy korxona bunyod etishga ahd qildik. Bu yerda ishlab chiqariladigan mahsulotning bir qismini xorijga eksport qilmoqchimiz. Qishlog‘imiz dalalarida yetishtirilgan biri-biridan mazali mevalardan tayyorlangan turli mahsulotlar jahon bozorida ham mustahkam o‘rin egallashini o‘ylasam faxr-iftixordan ko‘nglim tog‘day ko‘tariladi. Bizga shunday g‘ururni baxsh etgan istiqlolimiz abadiy bo‘lsin, deyman.