English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gʻoliblarga bayramlar yarashadi Oʻzbekiston Respublikasi
10:40 / 2020-08-14

Bir doʻstim koronavirusdan vafot etdi.

mustaqilligining 29 yilligiga 

Bir doʻstim koronavirusdan vafot etdi. Yigirma kun avval koʻrgandim. Soppa-sogʻ yurgandi. U bilan bolaligimiz birga oʻtgan, maktabda oldinma-ketin oʻqigandik. Sobiq futbolchi edi. Yuragim achishib ketdi. U hali yashashi kerak edi.

Doʻstimning vafotiga oddiy beparvolik, kasallikni mensimaslik sabab boʻldi. Hozir qaysi oshnamizni koʻrsam, u haqda gurunglashib qolayapmiz.

Bu voqea sabab hayotning shafqatsizligi, umrning oʻtkinchiligi haqida yana bir bor oʻylab qoldim. Doʻstim mol-mulki bor, oʻziga toʻq odam edi. Yaxshi niyat bilan ancha-muncha bunyodkorlik ishlarini boshlab yuborgan ekan. Albatta, farzandlari otasining ishini davom ettirishadi, uning nomi unutilmaydi, u ogʻaynilari, birodarlari, avlodlarining xotirasida yashayveradi. Lekin.., bu taskin beruvchi tuygʻular koʻngilni ovutolmaydi. Qalb yigʻlayveradi...

Uning oʻrnida siz ham, men ham boʻlishim mumkin edi. Demak, bu dunyo omonat, buni his qilib yashashimiz kerak. Bu tuygʻu kishini ulgʻaytiradi. Vaqtning qadriga yetishga, moʻljallagan rejalaringizni bajarishga ulgurishga, ezgu ishlar qilishga undaydi.

Mamlakatimizda karantin choralari yumshatilib, transportlar harakatiga, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, bozorlar, masjidlar, dam olish maskanlari faoliyatiga ruxsat berilayapti. Erta-indin yana koʻchalarimiz odamlar oqimiga toʻladi, qaynoq hayot boshlanadi.

Yurtimizning eng ulugʻ va ardoqli ayyomi – Mustaqillik bayrami yaqinlashmoqda. Xalqimiz mustabid tuzum azoblaridan qutulib, erkin nafas olayotganiga, mustaqil hayot qurganiga 29 yil boʻldi. 1991-yilda tugʻilgan yigit-qizlar bugun barkamol yoshga kirdi. Bu yoshdagi inson togʻni talqon qilishga, har bir ishni uddalashga qodir. Bugun Oʻzbekiston ana shunday yoshda.

Davlatimizning kuch-qudrati bu yilgi sinovlarda yana bir bor namoyon boʻldi. Davlat bor ekan, fuqarolarimiz, xalqimiz har qanday sinovlarni, mushkulliklarni yengaveradi. Dunyodagi katta davlatlarga nisbatan ham, qoʻshnilarimizga qaraganda ham, kam talafot koʻrgan holda, jipslik va ahillik namoyon etib, bu sinovlardan chiqmoqdamiz.

Bugun internet, ijtimoiy tarmoqlarsiz hayotimizni tasavvur etib boʻlmay qoldi. Aholi ijtimoiy tarmoqlar orqali jamiyatimizda kechayotgan qizgʻin jarayonlarga faol aralashmoqda. Bu huquqiy demokratik jamiyat sari intilayotgan mamlakatimiz uchun ayni muddaodir. Buni, maʼlum bir maʼnoda, jamoatchilik nazoratining bir koʻrinishi sifatida ham qabul qilsa boʻladi.

Davlatimiz rahbarining shaxsan nazoratida ijtimoiy tarmoqlarda koʻtarilayotgan muammolarga yechim topilayotir. Xalqning dardu tashvishlari, koʻtarilayotgan masalalar ijobiy hal etilmoqda. Bu odamlarni xursand qilmoqda. Xalqqa xizmat qilishni oliy qadriyatga aylantirayotgan Oʻzbekiston rahbariyati uchun ijtimoiy tarmoqlar aholi kayfiyati bilan tanishishning bir vositasi boʻlib qoldi, deyish mumkin.

Biroq gohida ijtimoiy tarmoqlar orqali aytilayotgan baʼzi fisqu fujur, mish-mish gaplar, yomon niyatda tarqatilayotgan yolgʻon xabarlar, axborotlar, qilinayotgan “daʼvo”lar kishini ranjitadi. Koʻngilga gʻulu soladi, tashvishlantiradi.

Keling, ulugʻ bayramimiz arafasida yana bir bor bosib oʻtgan yoʻlimizga nazar solib, mustaqillik bizga nima berdi, degan savolga javob izlab koʻraylik.

Inson yer yuzida paydo boʻlgandan buyon erkinlikka intiladi. Insonni qoʻyavering, hatto hayvonot olami ham ozod yashashni xohlaydi. Mana shu erkinlik – mustaqillikni biz 1991-yilda qoʻlga kiritdik. Ota-bobolarimiz orzu qilgan, qatagʻonga uchragan, jon fido qilgan kunlarga bizning avlod yetdi.

Mustaqillikning sharofati bilan biz ona tilimizning davlat maqomi mustahkamlanishiga, imon-eʼtiqod erkinligiga erishdik. Milliy qadriyatlarimiz, bayramlarimiz tiklandi. Paxta yakkahokimligiga barham berildi, oziq-ovqat, energiya mustaqilligi qoʻlga kiritildi. Milliy atributlarimiz – bayroq, gerb, madhiya, milliy pulimizga ega boʻldik. Oʻz armiyamiz, huquq-tartibot organlarimiz tuzildi. Ularning qaysi birini sanay...

Keyingi uch-toʻrt yilda amalga oshirilayotgan islohotlar qamrovidan aqlingiz shoshadi. Kim oʻylagan edi Toshkentda propiska rejimiga oʻrnatilgan taqiqlar barham topadi deb. Yoki konvertatsiya masalasini oling. Oliy oʻquv yurtlariga qabuldagi ommaviy poraxoʻrliklarga barham berishning oʻzi bir inqilob. Avtomashina olishdagi “shapka”lar, banklardan kredit olishdagi byurokratik toʻsiqlar. Hududlardagi yoqilgʻi tanqisligi, elektr taʼminotidagi uzilishlar...

Bular bugun esdan chiqdi. Odamzodning tabiati oʻzi shunaqa: qorin toʻysa, kechagi gʻam-tashvish unutiladi.

Bu gaplarni nima uchun aytayapmiz?!

Biz oʻtmishni unutmasligimiz, boshimizdan oʻtkazgan qiyinchiliklarni eslab turishimiz kerak. Bu koʻngilga shukr tuygʻusini soladi. Shukr, qanoat qilgan odam esa, muqaddas kitoblarimizda yozilishicha, albatta, maqsad-muddaosiga erishadi.

Bugun jonajon yurtimizning shahar va qishloqlarini kezib, odamlarimizning tashvish-oʻylari bilan bir qiziqing. Ularning goʻzal orzularidan koʻnglingiz yayraydi. Biri yangi uy qurgan, biri kreditga mashina olgan. Yana biri oʻgʻil uylantirish, qiz chiqarish tashvishida. Tezroq karantin tugasaydi, toʻylarni boshlab yuborardik, deydi koʻzlari yonib. Tashvishli, sinovli kunlardan ham kuchga toʻlib, chiniqib chiqadigan bunday elni yana qayerdan topasiz, birodar?! Bunday xalqni yaxshi koʻrmay, uning uchun xizmat qilmay boʻladimi?!

– Har kuni bitta sheʼr yozayapman yo tarjima qilayapman, – deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Qashqadaryo viloyati boʻlimi rahbari, shoir Oʻroz Haydar joʻshib. – Kayfiyati yaxshi odamga koronavirus ham yoʻlamaskan.

Ha, xalqimiz har qanday balo-qazoni hamisha koʻtarinki kayfiyat va shijoatli mehnat bilan yengib kelgan. Bu safar ham shunday boʻladi. Biz, albatta, oldimizdagi barcha sinovlardan muvaffaqiyat bilan oʻtamiz! Gʻoliblarga esa bayramlar yarashadi.