Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gʻalladan boʻshagan maydonlarni yoqqan shaxslar jarimaga tortiladi
12:14 / 2020-06-16

Yongʻin tuproq tarkibi buzilishi, tarkibidagi organik moddalarning keskin kamayishi, eroziyaning kuchayishiga va hosildorlik kamayishiga sabab boʻladi.

Mutaxassislar ogohlantiradi

Ayni kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlgani kabi Toshkent viloyati mirishkor dehqonlari ham tunu kun tinim bilmay gʻalladan yuqori hosil yigʻishtirib olish uchun ter toʻkmoqda.

Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari tomonidan gʻalladan boʻshagan yer maydonlarida somon poyalari yoqib yuborilishining oldini olish maqsadida targʻibot ishlari amalga oshirilmoqda. Maʼlumki, boshoqli don ekinidan boʻshagan bir gektar yer maydonida yongʻinning sodir etilishi atmosfera havosiga oʻrta hisobda 500 gramm azot oksidi , 379 gramm uglevodorod, 3 kg kul, 20 kg is gazi va uglerod oksidlari gazi tashlanishiga olib keladi. Shuningdek, tuproq tarkibi buzilishi, tarkibidagi organik moddalarning keskin kamayishi, turli xildagi tirik organizmlarning qirilishi, eroziyaning kuchayishiga va hosildorlik kamayishiga sabab boʻladi.

Oʻtgan yili joylarda bu kabi bir necha noxush holatlar qayd etilgan. Asosiy sababi aholi va fermer xoʻjaliklarining loqaydligidir. Oʻzbekiston Respublikasi “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonunining tegishli moddalari talablari ijrosini taʼminlash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-maydagi “2019-yil boshoqli don ekinlari hosilini yigʻishtirib olish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida viloyat miqiyosida jami 2 ming 385 ta fermer xoʻjaligidan 1 ming 400 ga yaqiniga somon poyalari yoqilishi oldini olish boʻyicha ogohlantirish berilgan va targʻibot ishlari olib borilgan.

Shunga qaramasdan 2019-yili bu salbiy holatlar 125 ta hududda kuzatilgan boʻlib, jami 260 gektar yer maydoni yondirilgan. Ushbu qonunbuzilish holatlarini sodir etgan 78 nafar huquqbuzarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan jami 45 million 561 ming soʻmlik jarimalar qoʻllanilgan.

Yuqorida keltirilgan noxush oqibatlarning oldini olish maqsadida Toshkent viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari tomonidan bu yil ham viloyat hududida keng miqyosda targʻibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.

Akmal Haydarov,
Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi.