English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gʻalaba bogʻi oʻzbek xalqining mardonavor jasorati, sabr-matonat timsoli
11:06 / 2020-05-15

Mana shundan buyuk gʻalabaning tarixiy sanasi shodiyonasi munosabati bilan azim poytaxtimiz Toshkent shahrida Gʻalaba bogʻi barpo etildi.


Ikkinchi jahon urushida qozonilgan tarixiy gʻalabada millatdoshlarimiz, oʻzbek farzandlari koʻrsatgan jasorat, qonli janggohlarda ona Vatan uchun jon olib, jon bergan yigitlarimizning shonli yurishlari bugun har birimizning koʻksimizni faxr iftixorga toʻldiradi.

Mana shundan buyuk gʻalabaning tarixiy sanasi shodiyonasi munosabati bilan azim poytaxtimiz Toshkent shahrida Gʻalaba bogʻi barpo etildi. Bu bogʻ Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan tashkil etilgan boʻlib unda “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasi va “Shon-sharaf”muzeyi qad rostladi. Mazkur muzey bilan tanishar ekan Prezidentimiz bu muzeyning paydo boʻlishi adolatning tiklanishi demakdir. Maqsadimiz xalqimizning Ikkinchi jahon urushidagi gʻalabaga qoʻshgan buyuk hissasini tarixga muhrlab qoʻyish, yosh avlodlarga yetkazishdir, dedi.

Ha, albatta oʻzbek xalqi mashʼum urush uchun oʻz jonini, mol-mulkini, oʻzi yemay, kiymay, begona yurt farzandlarini oʻz bolasidek koʻrgan millatning buyuk gʻalabaga qoʻshgan mardonavor jasorati yana bir bor yuksak qadr topmoqda. Biz dalillarda koʻrganimizdek 1,5 million oʻzbek oʻgʻlonlari jang frontlariga yuborilgan. Lekin bugun tarixiy haqiqatning tiklanishi natijasida mazkur raqamlar 1 million 951 ming oʻzbek oʻgʻlonlari jangda ishtirok etganini hujjatlarda koʻrishimiz mumkin. Yoki butun sobiq ittifoq hududidan kelgan 650 ming yetim bolani birortasini bolalar uyiga bermagan, bolam deb boshini silagan buyuk xalqmiz. Qarang, mana shunday bagʻrikeng xalq qayerda bor. Manimcha yoʻq, boʻlmasa kerak. U yetimlarni bolalar uyiga topshirishi mumkin edi, lekin oʻzbek xalqi buni or-nomus deb, dinidan, millatidan qatʼiy nazar oʻz bolasidek voyaga yetkazdi. Bu esa oʻzbek xalqining naqadar bagʻrikeng millat sifatida, qolaversa buyuk gʻalabaga qoʻshgan buyuk hissasining yorqin namunasidir.

Bunday tarixiy haqiqat va dalillarni nafaqat hujjatlarda balki mazkur jarayonlarni kinomonografiya arxivlarda ham koʻrishimiz mumkin.

9-may Xotira va qadrlash kuni hamda ikkinchi jahon urushi ustidan qozonilgan gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan Oʻzbekkino milliy agentligi buyurtmasiga asosan suratga olingan “Ilhaq” badiiy filmi barcha davlat va xususiy telekanallarda namoyish etildi.

“Ilhaq” badiiy filmi ikkinchi jahon urushida bir oiladan besh farzand urushga ketib, hech biri qaytmagan oila haqida hikoya qilinadi. Bu oila Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi Xonobod qishlogʻida yashagan Zulfiya Zokirova oilasidir. Ona mashʼum urushda besh oʻgʻlidan Isoqjon, Ahmadjon, Mamajon, Vahobjon va Yusufjon ismli farzandlaridan judo boʻlgan, uning toʻrt kelini beva va besh nafar nabiralari yetim boʻlib qolgan oʻzbek ayoli qismatidir. Mazkur film qandaydir badiiy toʻqima emas aksincha toʻliq real hayotga asoslangan bir xokisor oʻzbek ayolining dardli shu bilan birga sabr-matonat qissasidir. Filmni diqqat bilan tomosha qilar ekanmiz, ona oʻz farzandlarini urushga yuborib, ulardan sogʻinch xatlarini emas, birin-ketin oʻlim xabarlarini olganda ham kelinlari, yoru birodarlari orasida dod solib yigʻlamadi sabr qildi, kelinlari va nabiralari oʻrtasida sabr-matonat namunasini koʻrsatdi. Va filmning bir epizodida ona saharda turib koʻl boʻyida faryod chekib yigʻlaydi. Bu esa har bir oʻzbek ayolining naqadar haqiqiy sabr matonatli ekanligini koʻrsatadi.

Filmda Vatanga sadoqat onaga boʻlgan mehr-muhabbat yaqqol koʻzga tashlanadi. Oʻtgan yili Xotira va qadrlash kunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Zulfiya Zokirova va uning frontdan qaytmagan besh oʻgʻli sadoqatli kelinlari xotirasiga atab muhtasham haykal oʻrnatish hamda unga Matonat madhiyasi deb nom berish taklifini bildirgan edi. Bugun esa ushbu obida Gʻalaba bogʻining markazida qad rostladi.

– Bu Oʻzbekistondagi barcha onalarga qoʻyilgan haykal, dedi Shavkat Mirziyoyev. Ushbu yodgorlik butun xalqimiz uchun qutlugʻ ziyoratgohga, oila, muhabbat, vafo va sadoqat timsoliga aylanib qoladi. Bu yerga kelgan yoshlar millatimizning ulugʻ fazilatlarni anglab, ularni qadrlab yashashga intiladi.

Zero xalqimiz urush va mehnat faxriylarining mislsiz sabot va matonat, qatʼiyatidan doimo kuch va ibrat oladi. Bu esa yoshlarimizga naqadar yuksak maʼnaviy, maʼrifiy va tarbiyaviy ahloqiy kuch-qudrat timsoli boʻladi.

Hamisha Ona vatanimiz bagʻridan tinchlik, farovonlik, toʻkin-sochinlik arimasin. Osmonimiz osuda, qalblarimiz xotirjam, xonadonlarimiz obod boʻlsin.

Aziz Hakimov
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Buxoro shahar boʻlinmasi rahbari,
Viloyat Maʼrifat targʻibotchilar jamiyati aʼzosi.