Jizzax shahrida Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari polkovnik X.Alibayev viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tizimida xizmat qilayotgan harbiy va texnik xizmatchilar, ularning oila a’zolari uchun sayyor qabul o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak”ligi haqidagi tamoyil asosida muntazam ravishda turli vazirlik va idoralar rahbarlari tomonidan sayyor qabullar o‘tkazib kelinmoqda.
Shu kabi ommaviy sayyor qabullar – O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi va Qurolli Kuchlar tizimidagi vazirlik va idoralar mansabdor shaxslari ishtirokida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, yoshlar, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishda yordam ko‘rsatish maqsadida tashkil etilayotganini ta’kidlab o‘tish joiz.
Jizzaxda o‘tgan sayyor qabulda Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari polkovnik X.Alibayev tomonidan fuqarolarning turli yo‘nalishdagi 30 ga yaqin murojaati tinglandi. Bayon etilgan masalalar mas’ullar ishtirokida ko‘rib chiqildi. Asosiy e’tibor murojaatlarni o‘z vaqtida hal etishga qaratilib, mutasaddi rahbarlarga aniq vazifalar yuklatilib, ushbu topshiriqlarning ijrosi nazoratga olinishi ta’kidlandi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA