FVV: Komissiya ishining birinchi fazasi nihoyasiga yetdi, baxtsiz hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yashash manziliga yetkazildi
Joriy yil 18 dekabr kuni Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘lining yangi qurilayotgan qismida favqulotda holat vujudga kelgan edi.
Joriy yil 18 dekabr kuni Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘lining yangi qurilayotgan qismida favqulotda holat vujudga kelgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga muvofiq sodir bo‘lgan hodisa sabablari va oqibatlarini joyida o‘rganish, zudlik bilan bartaraf etish, jabrlanganlar va ularning oila a’zolariga yordam ko‘rsatish maqsadida Hukumat komissiyasi tuzildi.
Voqea joyida olib borilgan tezkor qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida olti nafar fuqaroning jasadi tuproq ostidan olib chiqildi va ularning shaxsi aniqlandi. Qidiruv-qutqaruv ishlari yakunlanib, Komissiya ishining birinchi fazasi nihoyasiga yetdi.
Ayni paytda Komissiya tomonidan hodisa sabablari va oqibatlarini o‘rganish hamda bartaraf qilish ishlari jadal davom ettirilmoqda, mazkur holatning vujudga kelishiga sababchi bo‘lgan va yo‘l qo‘ygan mas’ul tashkilot va shaxslar aniqlanmoqda. Shuningdek, loyihani amalga oshirish jarayonida shu va boshqa ko‘ngilsiz holatlar takrorlanishini oldini olish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.
Baxtsiz hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yashash manziliga yetkazildi. Pudratchi-quruvchi tashkilotlar tomonidan ularning oila-a’zolari va yaqinlariga 100 million so‘mlik dastlabki tovon pullari to‘lab berildi. Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikka asosan qo‘shimcha kompensatsiya pullari to‘lab beriladi.
Ayni paytda viloyatlar hokimliklari va jamoatchilik vakillari marhumlarning oilasidan xabar olib, zarur yordam ko‘rsatmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi